Mehnat migratsiyasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev «oltin daftar» yagona ma’lumotlar bazasini yaratishni taklif qildi. Unga chet elda ishlaydigan fuqarolar — potensial sarmoyadorlar, nufuzli xorijiy universitetlarning professorlari va xalqaro tashkilotlar vakillari kiritiladi. Bu haqda «O‘zbekistan 24» telekanali efirida tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Farhod Arziyev ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat rahbari chet ellik mehnat muhojirlarining huquqlarini himoya qilishning huquqiy mexanizmlarini shakllantirish va ular bilan doimiy aloqa o‘rnatish zarurligini yana bir bor ta’kidladi. Prezident, shuningdek, dunyoning ko‘plab mamlakatlaridagi hamyurtlar, xususan, mehnat muhojirlarining aniq bazasini yaratish va ularning muammolarini aniqlash va hal qilish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etish vazifasini qo‘ydi.

«Yana bir muhim yo‘nalish prezidentimiz tomonidan belgilab berildi — „oltin daftar“ atamasini joriy qilishni taklif qildi. Bu salohiyatli investor bo‘ladimi, yoki nufuzli xorijiy universitetlarda ishlayotgan professorlar bo‘ladimi, xalqaro tashkilotlarda ishlayotgan vatandoshlarimiz bo‘ladimi, ular mamlakatimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shishi mumkin», — dedi Farxod Arziyev.

Davlat rahbari, avvalo, xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribalarini O‘zbekiston sharoitida qo‘llashni o‘rganishni buyurdi.

Eslatib o‘tamiz, 17 avgust kuni bo‘lib o‘tgan videokonferensiyada prezident O‘zbekiston fuqarolarining chet elda ishlashi uchun munosib sharoitlar yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi. Xususan, mehnat muhojirlari sayohat, patentni ro‘yxatdan o‘tkazish va sug‘urta qilish xarajatlari uchun 10 mln so‘mgacha bo‘lgan foizsiz kreditlar olishlari mumkin.

Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligining hududiy bo‘linmalari xorijiy ish beruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish huquqiga ega, muhojirlarni ro‘yxatdan o‘tkazish va ish stajini hisoblash tartibi o‘z-o‘zini ish bilan band bo‘lganlar uchun bir xil bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda yana bir shunga o‘xshash atama mavjud — «temir daftar». Uning tarkibiga aholining zaif qatlamlari, mahallalar orqali davlat tomonidan beriladigan moliyaviy yordamga muhtoj oilalar kiradi. «Gazeta.uz» saytining muallifi Dilmurod Yusupov ijtimoiy yordamga bag‘ishlangan maqolasida «temir daftar» iborasi halq orasida qarz majburiyatlarini hisobga olish nuqtai nazaridan keng ishlatilishini ta’kidladi.