Agar qasddan sodir etilgan qotillik jinoyatlarida oxirgi uch yil va joriy yilning 7 oyida 1,5 ming nafardan ziyod odam vafot etgan bo‘lsa, ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilgan yo‘l-transport hodisalarida qotillikka nisbatan besh barobar ko‘p yoki 7,5 mingdan ziyod fuqaro halok bo‘lgan. Bu haqda O‘zbekiston ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov O‘zAga bergan intervyusida ma’lum qildi.

«Yo‘l-transport hodisalarining oldini olishdagi eng katta masalalardan biri — bu haydovchilik madaniyati bilan bog‘liq, — deya ta’kidladi vazir. — Raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, shu yilning 7 oyida 12 mingdan ziyod haydovchi transport vositasini mast holda boshqargan, 87 mingdan ortiq piyoda yo‘l qoidalarini buzgan, 17 ming nafarga yaqini transport vositasini boshqarish vaqtida uyali telefondan foydalangan».

Po‘lat Bobojonov bu kabi salbiy holatlarning oldini olish maqsadida, jumladan, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish bo‘yicha jamoatchilik rolini keskin oshirish zarurligini ko‘rsatib o‘tdi. Shuningdek, haydovchilarning bilimini oshirish uchun ularni o‘qitish tizimini tubdan takomillashtirish, yo‘llarning sifatini oshirish, fotoradarlarni ko‘paytirish lozim.

Ichki ishlar vazirining qayd etishicha, Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining fuqarolarga sifatli xizmat ko‘rsatishini ta’minlash va muomala madaniyatini oshirish uchun so‘nggi ikki yarim yil ichida yo‘l-patrul xizmati xodimlari navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘tkazildi. Fuqarolar bilan muloqotda qo‘pol kamchiliklarga yoki qonun buzilishiga yo‘l qo‘yganligi uchun 142 nafar xodim ishdan bo‘shatilgan.

«Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining ko‘pchilik qismi o‘rta maxsus ma’lumotga ega bo‘lganligi bois ularni bosqichma-bosqich oliy ma’lumotlilar bilan almashtirish ham ko‘zda tutilgan», — dedi Po‘lat Bobojonov.

Eslatib o‘tamiz, 13 avgust kuni Qoraqalpog‘istonning Amudaryo tumanida Nexia-2 haydovchisi mast holda avtomobil boshqarib, velosipedda ketayotgan ikki bolani urib yuborgan va ularning voqea joyida vafot etishiga sababchi bo‘lgan edi.