Isroil va Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) munosabatlarni to‘liq normallashtirishga kelishib olishdi. Bu haqda AQSH prezidenti Donald Tramp tomonidan Twitter ga joylangan uch tomonlama qo‘shma bayonot matnida aytilgan.

«Ushbu tarixiy diplomatik yutuq Yaqin Sharq mintaqasida tinchlikni mustahkamlashga yordam beradi va uch davlat rahbarlarining mardligi va uzoqni ko‘ra bilishi, shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklari va Isroilning mintaqada ulkan potensial yaratadigan yangi yo‘lni rejalashtirishdagi jasoratidan dalolatdir», — deyiladi bayonotda.

Yaqin orada Isroil va BAA delegatsiyalari uchrashib, sarmoyalar, turizm, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar, xavfsizlik, elchixonalarni ochish va boshqa masalalar bo‘yicha ikki tomonlama shartnomalar imzolashadi.

Kelishuvlarga ko‘ra, Isroil g‘arbiy sohil hududlari ustidan o‘z suverenitetini e’lon qilishni to‘xtatadi va arab dunyosining boshqa mamlakatlari bilan aloqalarni kengaytirishga e’tibor qaratadi.

Bundan tashqari, Isroil va BAA Isroil-Falastin mojarosiga «adolatli, keng qamrovli va mustahkam yechim» izlashga kelishib olishdi.

Abu-Dabi valiahd shahzodasi Muhammad bin Zaid Al-Naxayyan o‘zining Twitter sahifasida shartnoma imzolanganini tasdiqlab, BAA va Isroil hamkorlik uchun yo‘l xaritasini ishlab chiqishini ta’kidladi. Shuningdek, u Isroilning keyinchalik Falastin hududlarini anneksiya qilishiga chek qo‘yishiga kelishib olinganini qo‘shimcha qildi.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bitim e’lon qilinganidan keyin televideniye orqali qilgan chiqishida, u faqat «ortga surishga» rozi bo‘lganini va «hech qachon bu yerga bo‘lgan huquqlarimizdan voz kechmaymiz», dedi, deb ta’kidladi Al Jazeera telekanali.

Netanyaxu, shuningdek, «u BAA bilan kelishuvdan so‘ng boshqa arab davlatlari ham mintaqadagi tinchlik doirasiga qo‘shilishiga umid bog‘lashga asos bor», deya ta’kidladi.

O‘z navbatida, Falastin rahbariyati Isroil va BAA o‘rtasidagi kelishuvni rad etdi va buni «Quddus, Al-Aqso va Falastin ishiga bo‘lgan xiyonat» deb atadi, deya xabar berdi WAFA agentligi. Norozilik sifatida mamlakat hukumati BAAdagi elchisini chaqirib olishga qaror qildi.

BAA Isroil bilan tinchlik shartnomasini tuzgan uchinchi arab davlatiga aylandi. Isroil 1979 yilda Misr bilan, 1994 yilda esa Iordaniya bilan bitim tuzgan.