Toshkent viloyatining Qibray tumanidagi Qodiriya gidroelektrstansiyasi hududida jomadondan erkak kishining jasadi topildi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar qildi.

Bu haqdagi xabar tuman ichki ishlar bo‘limiga 8 avgust kuni kelib tushgan. Erkakning cho‘ntagidan 410 ming so‘m pul ham topilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, jomadondan Samarqand viloyatidan bo‘lgan, poytaxtning Yakkasaroy tumanida yashagan Sh. A. (1968 yilda tug‘ilgan) jasadi topilgan. OAVning xabar qilishicha, marhum avval Oliy sudda xo‘jalik bo‘limi boshlig‘i bo‘lib ishlagan. «Gazeta.uz»ning aniqlashicha, Sh. A. ushbu lavozimni 10 yil muqaddam tark etgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 7 avgust kuni ertalab marhum Gentra rusumli avtomobilida uyidan Toshkentdagi tibbiyot muassasalaridan biriga borish maqsadida yo‘lga chiqqan. Mashina poytaxtning Chilonzor tumani hududidan topilgan.

Bo‘stonliq tuman sud tibbiy ekspertiza bo‘limi xulosasiga ko‘ra, uning o‘limiga mexanik asfiksiya (bo‘g‘ilish) sabab bo‘lgan.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyati Qibray tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Jinoyatni tergov qilish uchun Toshkent viloyat IIBB, Toshkent IIBB va tuman IIB xodimlaridan iborat tezkor-qidiruv guruhlari tuzildi.