2020 yil yanvar-iyun oylari O‘zbekistonda 6,7 trln so‘mlik Davlat byudjeti defitsiti bilan yakunlandi. Bu haqda Moliya vazirligining matbuot xizmati ma’lum qildi.

Byudjet daromadlari

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Davlat byudjetining 2020 yil birinchi yarim yilligidagi daromadlari 58,157 trln so‘mga yoki tasdiqlangan yillik parametrga nisbatan 45,3 foizga ijro etildi. Hisobot davrida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 15 foizga ko‘p mablag‘ tushirilishiga erishildi.

«Iqtisodiy faollikning pasayishi va koronavirus pandemiyasi davrida berilgan soliq imtiyozlari sababli II chorakda soliq daromadlarining pasayishiga qaramasdan, jami soliq tushumlari miqdori I yarim yillikda o‘sdi», — deyiladi sharhda.

Daromadlarning 19,739 trln so‘mi (jami daromadlarning 33,9 foizi) bevosita soliqlar, 21,510 trln so‘mi (37 foizi) bilvosita soliqlar, 9,695 trln so‘mi (16,7 foizi) resurs to‘lovlari va mulk solig‘i va 7,211 trln so‘mi (12,4 foizi) boshqa daromadlar hisobidan shakllantirildi.

Shu bilan birga, hisobot davrida mahalliy byudjetlarning daromadlar qismi 12,870 trln so‘mни tashkil etgani qayd etildi.


Manba: Moliya vazirligi

Byudjet xarajatlari

Xabarga ko‘ra, Davlat byudjetining birinchi yarim yillik xarajatlari esa 64,878 trln so‘mни yoki YAIMga nisbatan 25,4 foizni tashkil etdi. Shundan mahalliy byudjetlarning xarajatlari 20,203 trln so‘mга teng bo‘ldi. Hisobot davrida Davlat byudjeti defitsiti 6,721 trln so‘mni tashkil etdi.

«Jami xarajatlar tarkibida ijtimoiy soha xarajatlari eng ko‘p ulushga (53,4%) ega bo‘lib, ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan tashkilot va muassasalarni saqlash hamda sohaga taalluqli tadbirlarni moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan 34,665 trln so‘m mablag‘ yo‘naltirildi», — deyiladi xabarda.

Manba: Moliya vazirligi

Eslatib o‘tamiz, 18 may kuni Moliya vazirligi 2020 yilning I chorak yakunlari bo‘yicha Davlat byudjeti ijrosi to‘g‘risida ma’lumot bergandi. Unga ko‘ra, yanvar-mart oylarida Davlat byudjeti daromadlari 28,5 trln so‘mni, xarajatlari esa 27,7 trln so‘mni tashkil etib, davlat byudjeti profitsiti 0,8 trln so‘mni tashkil etgan. Shunda, vazirlik koronavirus pandemiyasi mamlakat iqtisodiyotga katta ta’sir ko‘rsatmaganini bildirgandi