Twitter Donald Trampning sahifasida COVID-19 haqida yolg‘on ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan video paydo bo‘lganidan keyin AQSH prezidentining akkaunti orqali post yozish imkoniyatini cheklashga qaror qildi. Postdagi videoda AQSH prezidentining bolalar koronavirusga kamroq moyil bo‘lishini ta’kidlagan intervyusi bo‘lgan. Bu haqda CNN xabar berdi.

Bundan bir necha soat avval, Facebook Trampning sahifasidagi xuddi shu ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan intervyuni ijtimoiy tarmoqdan olib tashlagan edi. Gap Donald Trampning 5 avgust kuni Fox News telekanaliga bergan intervyusi haqida ketmoqda. Unda AQSH prezidentining ta’kidlashicha, «koronavirus bolalar uchun xavf tug‘dirmaydi».

Facebook xodimi Endi Stoun buni «koronavirus bo‘yicha yolg‘on ma’lumot berilgan va bu bizning siyosatimizga to‘g‘ri kelmaydi», deya izohladi. Shuningdek xodim, ijtimoiy tarmoqdan Donald Trampning xabarlarining o‘chirib tashlanishi birinchi bor kuzatilmayotganligini, ammo bu ilk bor COVID-19 haqida ma’lumot berish siyosatining buzilishi bilan bog‘liq ekanligini ta’kidladi.

Shu mazmundagi video Trampning Twitter dagi saylovoldi shtabi tomonidan yuritiladigan @TeamTrump sahifasiga ham joylashtirilgan. Ijtimoiy tarmoq ma’muriyati uni ham o‘chirib tashladi.

Donald Trump shtabi vakili Kortni Parella internet kompaniyalarining AQSH prezidentini nohaq ayblayotganligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp faqat «bolalar koronavirusga kamroq sezgir ekanligi» to‘g‘risidagi ma’lumotni keltirgan.