11 oktyabr kuni Tojikistonda prezident saylovlari kuni deb e’lon qilindi, deya xabar berdi «Xovar» Tojikiston milliy axborot agentligi.

Ta’kidlanishicha, 6 avgust kuni Dushanbe shahrida Tojikiston parlamentining (Madjlisi Oli) navbatdagi 6-yalpi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda parlamentning ikkala palatasining — Madjlisi milli va Madjlisi namoyandagon — qo‘shma qarori bilan 11 oktyabr kuni mamlakatda prezident saylovlari kuni bo‘lishini ma’lum bo‘ldi.

Ma’lumot uchun, Tojikiston Konstitutsiyasining 65-moddasiga asosan davlat rahbari yashirin ovoz berish orqali umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida 7 (yetti) yil muddatga saylanadi. Xuddi shu moddaga binoan, bitta shaxs ketma-ket ikki muddatdan ko‘p Tojikiston prezidenti bo‘lishi mumkin emas.

Shu bilan birga, 2016 yilda mamlkatda o‘tkazilgan konstitutsion referendum natijalariga ko‘ra, ushbu moddaga istisno holati kiritilgan. Ya’ni, «Tinchlik va milliy birlik asoschisi — Millat yetakchisi» rasmiy davlat unvoniniga ega amaldagi davlat rahbari Emomali Rahmon cheksiz marta prezidentlikka saylanishi mumkin. U ushbu lavozimni 1994 yildan beri egallab kelmoqda.

Shuningdek, Konstitutsiyaga muvofiq faqatgina 30 yoshga to‘lgan, oliy ma’lumotli, tojik tilini biladigan, ilgari sudlanmagan, diniy tashkilotlar va birlashmalarga mansub bo‘lmagan, saylovlar o‘tkazilishidan oldin kamida o‘n yil davomida mamlakat hududida doimiy yashab kelgan Tojikiston fuqarosi prezidentlikka nomzod sifatida ro‘yxatga kiritilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Tojikistonda oxirgi prezident saylovlari 2013 yili bo‘lib o‘tgandi. Unda Emomali Rahmon 83,92% ovoz yig‘ib, Tojikiston prezidenti lavozimiga to‘rtinchi martta qayta saylangandi.