O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 avgust kuni «Aholiga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordam taqdim etish tartib-taomillarini avtomatlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» qarorni qabul qildi.

Unga ko‘ra, 1 sentyabridan boshlab, ijtimoiy nafaqalarni tayinlash to‘g‘risidagi arizalarni ko‘rib chiqish va ularni tayinlash tartib-taomillari bosqichma-bosqich «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi vositasida amalga oshiriladi. Tajriba tariqasida ushbu tizim 2019 yilning 1 oktyabridan Sirdaryo viloyatida amalga oshirilib kelmoqda (YUNISEFning 610 ming dollarlik granti asosida).

Qayd etilishicha, sentyabr oyidan «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida, oktyabr oyidan Buxoro, Navoiy, Jizzax va Samarqand viloyatlarida, noyabr oyidan — Xorazm, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida hamda dekabr oyidan Qoraqalpog‘iston, Toshkent viloyati va Toshkent shahrida joriy etiladi.

«Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi Moliya vazirligining vazirlik huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga tegishli bo‘lib, «Elektron hukumat» tizimining tarkibiy qismidir.

Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimida jismoniy shaxsning identifikatori hisoblanadi.

«Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimini joriy etishning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilandi:

  • idoralararo elektron hamkorlikni qo‘llash vositasida o‘zaro hujjat almashish jarayonini avtomatlashtirish orqali davlat ijtimoiy xizmatlari va yordamini taqdim etish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotnoma va tasdiqlovchi hujjatlar sonini tubdan qisqartirish;
  • belgilangan mezonlarga muvofiq kam ta’minlangan oilalarning ehtiyojmandlik darajasini ob’ektiv baholash, davlat ijtimoiy xizmatlari va yordamini taqdim etish jarayonlarini avtomatlashtirish orqali qarorlarni qabul qilishda sub’ektiv yondashuvni bartaraf etish;
  • aholining ehtiyojmand toifasi tarkibi o‘zgarishi dinamikasi monitoringi va tahlilini yuritish, ularni baholash mezonlarini respublika va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini hisobga olgan holda takomillashtirish;
  • davlat ijtimoiy xizmatlari va ijtimoiy yordam oluvchilarning doimiy yangilanib turadigan yagona ma’lumot bazasini shakllantirish;
  • manfaatdor vazirlik, idoralar va tashkilotlarning o‘zlariga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni bajarishda xizmatlarni bepul yoki imtiyozli asosda taqdim etishi uchun ma’lumot bilan ta’minlash.

Mazkur tizim ehtiyojmand fuqarolar tomonidan murojaat qilish jarayonini osonlashtirishi kutilmoqda. Hozirda bu jarayon qog‘oz shaklida 10 dan ortiq turli xil hujjatlar va guvohnomalarni talab qiladi hamda arizani ko‘rib chiqish bir oydan ko‘proq vaqtni oladi.

1 yanvardan boshlab davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ijtimoiy xizmatlari va yordam taqdim etishda fuqarolardan 11 ta hujjat va ma’lumotnoma talab etilishi yo‘l qo‘yilmaydi. Shu bilan birga, ular ijtimoiy yordamning 7 turidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Bundan tashqari, «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali belgilangan tartibda kam ta’minlangan deb e’tirof etilgan shaxslar yoki oilalar qo‘shimcha hujjatlar va ma’lumotnomalarni taqdim etmasdan Davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida ota-onalar to‘lovidan ozod etish, макtaбгача ta’lim muassasalarida o‘rnatilagan miqdorlarda ota-onalar to‘lovini to‘lash, умумий o‘rta ta’lim maktablarida darsliklar ijara to‘lovlaridan ozod etish, умумий o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari uchun qishki kiyim-bosh berish, айрим fanlarni o‘qitishga ixtisoslashtirilgan umumiy o‘rta maktablar o‘quvchilarini ovqatlanish xarajatlaridan ozod etish kabi xizmatlar va imtiyozlarni ham olishga haqlidir.

Ijtimoyi xizmatlar va yordamlarning to‘liq ro‘yxati

Manba: Adliya vazirligi

«Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali kam ta’minlangan deb e’tirof etilganlik to‘g‘risida ma’lumotnoma yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali taqdim etiladi va 12 oy davomida amal qiladi.

Yagona reyestr ishlash mexanizmi

Moliya vazirligining taqdimotiga ko‘ra, «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimidan foydalanish uchun, 16 yoshga to‘lmagan 10 million bolaga va biometrik pasporti bo‘lmagan 42 ming fuqaroga Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami kiritish kerak bo‘ladi.

Tizim orqali arizani topshirib, kerakli ma’lumotlarni kiritgandan so‘ng, 9 vazirlik va davlat idoralarining ma’lumotlar bazalari bilan elektron ma’lumotlar ayirboshlash jarayoni amalga oshiriladi.


Manba: Moliya vazirligi

Tizim olingan ma’lumotlar belgilangan mezonlar va me’yorlar asosida murojaat etuvchiga mustaqil ravishda ijtimoiy nafaqa tayinlaydi yoki rad etadi. Bu haqdagi qaror arizachiga SMS orqali xabardor qilinadi.

Taqdimotda ta’kidlanishicha, oilaning har bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha bir oylik daromadning yuqori chegarasi 358 ming so‘m etib o‘rnatilgan. Bunda oilaning har bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha bir oylik jami daromad murojaat qilingan oydan oldingi oxirgi uch oy uchun hisoblanadi va oila a’zolari soniga bo‘lish orqali aniqlanadi.

Arizalar quyidagi hollarda rad etiladi:

  • oilaning har bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan daromad 358 ming so‘mdan ortiq bo‘lsa;
  • oila tarkibida mehnatga layoqatli va mehnat organlarida «ishsiz» sifatida ro‘yxatda turmagan a’zosi bo‘lganda;
  • oila a’zolarining nomida oxirgi 7 yil davomida ishlab chiqarilgan transport vositasi mavjud bo‘lganda;
  • 2 yoki undan ortiq transport vositasi mavjud bo‘lganda;
  • 2 va undan ortiq ko‘chmas mulk mavjud bo‘lganda.

Manba: Moliya vazirligi