29 iyul kuni Facebook, Google, Apple va Amazon kompaniyalari rahbarlari olti soat davomida AQSH Kongressining Monopoliyaga qarshi siyosati bo‘yicha huquqiy qo‘mitasining yig‘ilishida savollarga javob berishdi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Kongress savollariga Facebook asoschisi Mark Sukerberg, Amazon asoschisi Djeff Bezos, Apple bosh direktori Tim Kuk va Alphabet (Google) boshqaruvchisi Sundar Pichailar javob berishdi. CNN xabar berishicha, so‘nggi bor bunday masshtabdagi so‘roq 1998 yilda o‘tkazilgan va unda Microsoft asoschisi Bill Geyts qatnashgan.

Kongress bir yildan ortiqroq vaqtdan beri Facebook, Google, Apple va Amazon kabi yirik texnologiya gigantlarini o‘zlarining bozordagi ustun mavqeini suiste’mol qilgan-qilmaganliklarini tekshirib borayotgan edi.

Bir necha kongressmenlar Facebook ning o‘z raqobatchilari bo‘lgan Instagram va WhatsApp kompaniyalarini «yutib yuborganini» muammo deb atadi. Spikerlardan biri Mark Sukerbergning xodimlarga yuborgan elektron pochtasidan jumla keltirib o‘tdi: «yana ozgina va biz Google ni sotib olishimiz mumkin». Sukerberg haqiqatdan ham buni yozganmi, degan savolga, Facebook asoschisi «bu ko‘proq hazilga o‘xshaydi» degan javobni berdi.

Kongress vakili Pramila Jayapal Sukerbergdan kompaniya raqobatchining mahsulotini sindirish uchun uni nusxalash bilan tahdid qilganmi, deb so‘radi. Xususan, Facebook hujjatlariga ko‘ra, Instagram bilan bitim tuzilishidan oldin kompaniya xuddi shunday funksionalga ega bo‘lgan o‘zining Facebook Camera mahsulotini ustida ishlashni boshlagan. Jayapalning so‘zlariga ko‘ra, Instagram sarmoyadorlari klon yaratilishiga tahdid sifatida qarashgan. Sukerbergning ta’kidlashicha, ushbu amaliyot tahdid hisoblanmaydi. Snapchat xizmati yaratuvchilarini xuddi shunday mahsulotni ishlab chiqarishni rejalashtirayotgani to‘g‘risida ogohlantirganmi yoki yo‘qmi degan savolga, Facebook asoschisi bunday suhbatni eslay olmaganini aytdi.

«Agar dominant platforma o‘zining potensial raqobatchilariga tahdid solsa, bu odatiy biznes amaliyoti emas. Facebook o‘z foydalanuvchilarining ma’lumotlarini to‘playdi va monetiziatsiya qiladi, keyin undan raqobatchilarni yo‘q qilish uchun foydalanadi. Siz kichik raqobatchilarni yo‘q qilish uchun Facebook ning kuchidan foydalanasiz, yangi mustaqil kompaniyalarning gullab-yashnashiga yo‘l qo‘ymaysiz», — deya xulosa qildi kongressmen.

Amazon kompaniyasi juda qo‘pol raqobatda ayblandi. Kompaniya AQSHdagi onlayn savdoning 70 foizini nazorat qiladi. Kongress a’zolaridan biri Amazon kompaniyasining ichki raqobatdoshlari haqidagi slaydni namoyish etdi va «narxlar belgilangan raqobatchilar bilan muvofiqlashtirilishi kerak» ekanligini aytdi.

Google ning Xitoy bilan juda yaqin hamkorlik qilayotganligiga ishora qilindi. Ushbu uchrashuv davomida kongressmenlardan biri Googlening Xitoyda sun’iy intellektga ega markazi borligini va Xitoy Fanlar akademiyasi korporatsiya bilan hamkorlik qilayotgani haqidagi ma’lumotlarni e’lon qilganligini eslatib o‘tdi. Kongressmen bunday hamkorlikni AQSHga xiyonat sifatida qarash mumkin, degan fikrni ilgari surdi. Google vakili, o‘z navbatida, kompaniya Xitoy harbiy kuchlari bilan hamkorlik qilmaydi va AQSHdagi harbiylar bilan loyihalarni davom ettiradi dedi.

Shuningdek, Google foydalanuvchilarni qidiruv saytida ushlab turish va reklama orqali ko‘proq pul ishlash uchun boshqa saytlardan kontent o‘g‘irlashda ayblandi.

Apple ga kelsak, kongressmenlar AppStore da foydalanuvchilar qanday ilovalarni ko‘ra olishini nazorat qilishini tanqid qilishdi. Shuningdek, kompaniya platformaning qoidalarini o‘z xohishiga ko‘ra, ilova chiqaruvchilarning roziligisiz o‘zgartirishi mumkinligini va bundan tashqari, o‘z to‘lov tizimi orqali foydalanuvchilar ma’lumotlarini to‘plashi ta’kidlandi. Kongress a’zolaridan biri Apple o‘z platformasida ilova ishlab chiquvchilar uchun komissiyani 30 foizdan 50 foizga oshirganligi rost yoki yolg‘on, deb so‘radi. Tim Kuk ushbu ma’lumotni rad etdi, shuningdek kompaniya har qanday vaqtda komissiyani oshirishi mumkinligi haqidagi ma’lumotni ham haqiqatga yaqin emasligini aytdi.

The Times uchrashuv davomida Sukerberg, Bezos, Kuk va Pichai qanday argumentlarni eng ko‘p keltirganliklarini hisoblab chiqdi. Unga ko‘ra, Kuk va Pichai o‘z javoblarida uch marta o‘zlarining kompaniyalarini «unchalik katta emas (we are not that big)», deya keltirishdi. Google rahbari kompaniyaning «Amerika uchun qanchalik muhimligini» (we are good for America) 11 marotaba takrorladi. Taqqoslash uchun, Bezos huddi shu argumentni atigi uch marta, Kuk olti marta, Sukerberg to‘rt marta ishlatgan. Nashrning hisob-kitoblariga ko‘ra, Kuk 13 marta Apple kompaniyasining xatti-harakatlari kongressmenlarni tashvishga soladigan narsa emas degan tezisni ta’kidladi va buni Xitoyning o‘sib borayotgan texnologik salohiyati bilan bog‘ladi.

«Bugun biz dunyoning eng nufuzli to‘rtta kompaniyasining qaror qabul qiluvchi insonlarini tinglash imkoniyatiga ega bo‘ldik. Ushbu eshitishlar menga ushbu kompaniyalarning monopoliya ekanligi va buni tartibga solish kerakligini aniq ko‘rsatdi. Ular bozorlarni nazorat qilishadi, bu ularga xohlagan narsani qilish, mustaqil biznesni yo‘q qilish imkonini beradi. Buni tugatish kerak», — deya ta’kidladi kongressmen Devid Sisillin eshitish yakunida.