27 iyul kuni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi «Yuksalish» umummilliy harakati ta’sischilari yig‘ilishida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari orasidan yangi rais saylandi, deya xabar qildi harakat matbuot xizmati.

Unga ko‘ra, Parlament quyi palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi a’zosi Bobur Bekmurodov Harakat raisi bo‘ldi.

Bobur Bekmurodov (1985 yilda tug‘ilgan) O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent moliya institutini tamomlagan. 2005−2006 yillarda AQSHning O‘zbekistondagi Partnership for Academic development («Akademik rivojlanish bo‘yicha hamkorlik») dasturi tinglovchisi, 2018 yilda The John Smith Trust (Buyuk Britaniya) menedjment dasturi tinglovchisi bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, «Yuksalish» harakati raisi maqomiga ko‘ra vazirga tenglashtirilgan. Harakatning sobiq raisi va Qonunchilik palatasi deputati Akmal Burhonov esa avvalroq yangi tashkil etilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori etib tayinlangan edi.