Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida navbatdagi videoselektor yig‘ilishida koronavirus pandemiyasiga qarshi olib borilayotgan kurashga alohida to‘xtalib o‘tildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Prezidentning qayd etishicha, bugungi kunda eng muhim vazifa aholi o‘rtasida virus zanjirini uzish hisoblanadi. Buning uchun karantin talablariga so‘zsiz amal qilish, ularning immunitetini mustahkamlash, sog‘ligini asrab-avaylash, har bir insonning hayoti uchun kurashish zarur.

Shu munosabat bilan, shuningdek, kasallik yuqtirilishining oldini olish, o‘lim holatlarini keskin kamaytirish maqsadida Respublika maxsus komissiyasining amaldagi karantin cheklovlarini uzaytirish taklifiga rozilik bildirildi.

Bunda «Pandemiyaga qarshi kurash — har birimizning vijdon ishimiz», «O‘zim, oilam, farzandlarim sog‘lig‘i uchun avvalo o‘zim javobgarman», degan fikrlarni xalqimiz ongiga chuqur singdirish va amaliy hayot mezoniga aylantirish lozimligi ta’kidlandi.




Bugun pandemiyani jilovlashda hokimliklar, sektorlar, sog‘liqni saqlash, ichki ishlar idoralari rahbarlari va xodimlari, mahalla faollari, nuroniylar zimmasida juda katta mas’uliyat turibdi. Chunki aholining aksariyati, keksalar, bolalar, xotin-qizlar uyda o‘tirishga majbur. Ularning birinchi galdagi hayotiy ehtiyojlarini ta’minlash, tegishli tibbiy va boshqa yordam ko‘rsatish aynan ana shu tashkilotlarga va faollarimizga bog‘liq.


— Barchamiz hamjihatlikda, chuqur mas’uliyat bilan tizimli ishlasak, bu og‘ir sinovlarni albatta yengamiz. Yana bir bor takrorlayman, bugungi kundagi eng muhim talab — barchamiz pandemiya sharoitida yashash va ishlashga o‘rganishimiz shart, — dedi, jumladan, Prezident Shavkat Mirziyoyev.