2020 yilning yanvar-iyun oylari mobaynida ma’muriy sudlar tomonidan ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan 6871 ta nizoli ish ko‘rib chiqildi. Buning natijasida 4 820 ta fuqaro va yuridik shaxslarning huquqlari tiklandi, deya xabar berdi Oliy sud matbuot xizmati.

Qayd etilishicha hisobotda ma’muriy sudlar tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida ko‘zda tutilgan huquqbuzarliklar bo‘yicha 183137 nafar shaxsga nisbatan 149684 ta ish ko‘rib chiqildi. Jumladan, 120484 nafar shaxsga nisbatan jarima, maxsus huquqdan mahrum etish, ma’muriy qamoqqa olish va O‘zbekiston hududidan chiqarib yuborish kabi ma’muriy jazolar qo‘llanildi.

Tahlillarga ko‘ra, muayyan davrda ma’muriy sudlar tomonidan ko‘rilgan ishlarning aksariyatini avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullanish, soliq solinadigan ob’ektlarning hisobini olib bormaslik yoki kassa operatsiyalarini yuritish tartibini, shuningdek to‘lov intizomini buzish, haqorat qilish, mayda bezorilik, transport vositalarini mast holda boshqarish, yengil tan jarohati yetkazish, oz miqdorda talon-toroj qilish, yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi, ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik bilan bog‘liq huquqbuzarliklar tashkil etadi.

Yarim yillik hisobotda ta’kidlanishicha, transport vositalarini mast holda boshqarish hamda transport vositalari haydovchilarining va yo‘l harakati boshqa ishtirokchilarining mastligi yoki mast emasligini aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlashi bilan bog‘liq huquqbuzarliklar bo‘yicha 8850 nafar shaxsga nisbatan 8 727 ta ish ko‘rib tamomlangan. Shundan 8 555 nafar shaxsga nisbatan jarima, transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etish va ma’muriy qamoqqa olish kabi ma’muriy jazolar qo‘llanildi.

Transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzishi jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelishi bilan bog‘liq huquqbuzarliklar bo‘yicha 1971 nafar shaxsga nisbatan 1968 ta ish ko‘rib tamomlandi. Shundan 1738 nafar shaxsga nisbatan jarima jazosi qo‘llanildi, jarima jazosi bilan birga 1499 nafar shaxs esa transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilingani ma’lum qilinadi.

Xisobotga ko‘ra, ma’muriy sudlar tomonidan 47510 ta ish, ya’ni barcha ishlarning 26,8 foizi sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Oliy sudi Ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan nazorat tartibida 2740 ta shikoyat va protestlar ko‘rib chiqildi, shundan 336 tasi ish materiallari asosida o‘rganilib, quyi sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlarning 198 tasi bekor qilindi va 28 tasi o‘zgartirildi.