O‘zbekiston fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 2020 yilning birinchi yarim yilligida 122798 ta ish ko‘rib chiqildi, deya xabar berdi Oliy sudning matbuot xizmati. Mazkur ko‘rsatkich 2019 yilning shu davriga nisbatan 5,8 foizga kamaygan.

Qayd etilishicha, hisobot davrida 39,8 mlrd so‘mdan ziyod majburiy to‘lovlar (voyaga yetmagan bolalar uchun aliment, ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, yozma bitimga asoslangan va qarzdor tomondan tan olingan talablar, kommunal xizmatlar bo‘yicha qarzdorlik to‘lovlari va boshqalar) ni undirish haqida 30424 ta sud buyrug‘i chiqarildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan summa bo‘yicha 1,7 foizga, sud buyruqlari soni bo‘yicha esa 21,2 foizga kamaydi.

Ko‘rib chiqilgan fuqarolik ishlari bo‘yicha 77856 ta hal qiluv qarori chiqarildi. Bunda talablarning 84,3% dan ortig‘i qanoatlantirilgani ma’lum qilindi.

Ta’kidlanishicha, da’vo tartibidagi 92374 ta fuqarolik ishlaridan 19074 tasi nikohdan ajratish, 18620 tasi bitimlar bilan bog‘liq, 967 tasi otalikni belgilash, 1381 tasi uy-joydan foydalanish huquqini yo‘qotgan deb topish, 13747 tasi o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joy yoki qurilmani buzishga oid va boshqa ishlar tashkil qiladi.

Nikohdan ajratishga oid ko‘rilgan ishlar tahliliga ko‘ra, ko‘rib tamomlangan 19074 ta ishning 10799 tasi bo‘yicha da’vo talablari qanoatlantirilgan (qonuniy nikohlar bekor qilingan), 6012 tasi bo‘yicha da’vo talablarini qanoatlantirish rad etilgan (qonuniy nikohlar bekor qilinmagan), 1112 ta da’vo bo‘yicha ishni yuritish tugatilgan hamda 1151 tasi ko‘rmasdan qoldirilgan.

Shu bilan birga, 35498 ta fuqarolik ishi sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqilgani ham ma’lum qilinadi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar aholi bilan 1 406 ta uchrashuv va ochiq muloqotlar o‘tkazildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Oliy sudi Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan nazorat tartibida 371 ta ish ko‘rib chiqildi. Birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan 177 ta qaror bekor qilindi va 39 ta sud qarorlari o‘zgartirildi.