Namangan shahrida 11 nafar fuqarolarning xabardorligisiz 200 mln so‘mlik kredit mablag‘lari o‘zlashtirgan bank xodimlarining faoliyati fosh etildi, deya xabar qildi Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentning Namangan shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, «D.D.» MCHJ rahbari D.I. «Xalq banki» Namangan viloyati filiali mansabdor shaxslari bilan oldindan til biriktirgan. U rasmiy hujjatlarni takroran qalbakilashtirish orqali 11 nafar fuqaro nomiga ularning xabarisiz 200 mln so‘mlik kredit mablag‘lari ajratilishiga erishgan. Mablag‘larni jamiyat hisob raqamiga o‘tkazilib, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilingan.

Mazkur holat yuzasidan jamiyat rahbari D.I. va filial mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi «a» bandi, 228-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni kalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) 2-qismi «a, b» bandlari va 228-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.