16 iyul kuni Vengriya tashqi ishlar va tashqi savdo vaziri Peter Siyyarto boshchiligidagi delegatsiya Toshkentga tashrif buyurib, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, bosh vazir o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov, energetika vaziri Alisher Sultonov va hukumatning boshqa a’zolari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Energetika vazirligida bo‘lib o‘tgan muzokaralar davomida Peter Siyarto Vengriya energetika sohasida, xususan, O‘zbekiston Energetika vazirligi qoshidagi «O‘zatom» agentligi hamda Vengriyaning yadro energetikasi sohasidagi MVM Paksi Atomeromu Ltd. ilmiy markazi darajasida atom elektr stansiyasini qurish va yadro energetikasi sohasida ilmiy almashinuv sohasidagi hamkorlikka tayyor ekanligini ma’lum qildi.

Bundan tashqari, Vengriyaning ENIOX kompaniyasi tomonidan yirik issiqlik stansiyalarida, shuningdek, AESda muvaffaqiyatli qo‘llanilayotgan qaytadigan suvlarni sovutishning «quruq» usulidan foydalanish imkoniyatlari muhokama qilindi. ENIOX kompaniyasi ushbu loyihada ishtirok etgan taqdirda, Vengriya Eksimbanki tomonidan 130 mln yevroga teng qiymatda moliyalashga tayyor ekanligi bildirib o‘tildi, deyiladi Energetika vazirligi xabarida.

Bundan tashqari, Vengeriya o‘zbekistonlik talabalar uchun kvota miqdorini 30 tadan 100 tagacha ko‘paytirishni, uning doirasida Budapesht politexnika unversitetida atom energetikasini o‘rganish dasturini joriy eishni taklif qildi.

«O‘zbekiston 24» telekanalining xabar berishicha, hozirda O‘zbekistonda Vengriyaning Debrecen universiteti filialini ochish rejalashtirilmoqda.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirlidagi uchrashuvda tomonlar O‘zbekistonda Vengriyaning «OTP banki» filialini ochish istiqbollari, shuningdek Vengriya Eksimbanki mablag‘larini jalb etgan holda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Tashqi ishlar vaziri bilan bo‘lgan muzokaralarda tashqi siyosat idoralari rahbarlari Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi doirasidagi hamda «O‘zbekiston — Vengriya — Yevropa ittifoqi» shaklidagi O‘zbekiston-Vengriya hamkorligini mustahkamlash masalalari bo‘yicha ham fikr almashdilar.

Noyabr oyida iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Vengriya hukumatlararo komissiyasining oltinchi yig‘ilishi va ikki mamlakat biznes-forumini o‘tkazish rejalashtirilgan.