20 iyul kuni mamlakatimizda 562 ta koronavirus holati aniqlanib, umumiy ko‘rsatkich 17314 taga yetdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Yangi holatlarning 63 tasi karantin muassasalarida, 499 tasi koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan.

Shu bilan birga, bugun Toshkent shahrida 4 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etib, umumiy ko‘rsatkich 91 taga yetdi. E’tiborlisi, mamlakatda 13 iyuldan buyon har kuni bir xil — 4 tadan o‘lim holati haqida ma’lum qilinmoqda.

Toshkent shahri, Samarqand, Andijon, Buxoro hamda Jizzax viloyatlaridagi tibbiyot muassasalarida 184 nafar bemor sog‘aydi va jami sog‘ayganlar 9 463 nafar, davolanish ko‘rsatkichi esa 55 foizni tashkil etmoqda.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 7 760 nafar bemordan 79 nafari og‘ir, 29 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.

️Hozirda mamlakatda uy karantinida 62 361, statsionar karantinda 24 628, jami 86 989 nafar fuqaro tibbiy kuzatuvda bo‘lib turibdi.