MDHga a’zo davlatlar xalqaro axborot xavfsizligi sohasida hamkorlik qilish to‘g‘risida davlat rahbarlarining qo‘shma bayonotini tayyorlamoqda, deya xabar berdi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

15 iyul kuni MDH mamlakatlari ekspertlari videokonferensiya orqali bayonot loyihasini muhokama qilishdi. Jahon hamjamiyati e’tiborini «zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish, jumladan, ularni xalqaro tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash vazifalari bilan bog‘liq maqsadlarda ishlatishning zaruratiga e’tibor berishga undaydi», deyiladi xabarda.

Uchrashuv qatnashchilari matnning asosiy qoidalari to‘g‘risida kelishib oldilar. Loyihani muhokama qilish 21 avgust kuni videokonferensiya shaklida davom etadi.

Yakuniy kelishuvdan so‘ng, hujjat oktyabr oyida Toshkentda bo‘lib o‘tadigan MDH Davlat rahbarlari kengashining majlisida qabul qilinishi rejalashtirilgan.