Respublika maxsus komissiyaning qaroriga muvofiq karantin cheklovlari joriy etilishi munosabati bilan moddiy daromad manbaini yo‘qotgan, ishsiz va ehtiyojmand aholi qatlamlari qo‘llab-quvvatlanadi.

Xususan, hozirgi kunda 20 kunlik karantin davrida moddiy jihatdan og‘ir ahvolga tushib qolayotgan eng muhtoj 120 mingga yaqin oilalarni davlat tomonidan oziq-ovqat, dori-darmon vositalari va birinchi ehtiyoj mahsulotlarini yetkazib berish orqali qo‘llab-quvvatlash rejalashtirilmoqda.

️Mazkur oilalar ro‘yxatini ishlab chiqishda quyidagi oilalarga birinchi navbatda e’tibor qaratiladi:

  • ️ta'minot manbai bo‘lmagan yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan, boquvchisidan ajralgan, og‘ir kasallari bor, ko‘p bolali oilalar;
  • ️ijtimoiy nafaqasi real ehtiyojlarni qoplamaydigan va undan boshqa daromad manbai bo‘lmagan oilalar;
  • ota-onasining ikkisini ham yo‘qotgan, bolalar tarbiyasi bilan esa qarindoshlar shug‘ullanayotgan oilalar;
  • ️ota-onalardan biri yoki har ikkisi ham nogiron bo‘lgan oilalar;
  • 14 yoshgacha bo‘lgan ikki va undan ortiq bolalarni tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlardan alohida yashayotgan beva ayollar (beva erlar);
  • ️ota-onalardan biri yoki har ikkisi ishsiz bo‘lgan va ish izlovchi sifatida bandlikka ko‘maklashish markazlarida hisobda turgan oilalar;
  • ️mehnatga layoqatli a’zolari bo‘lgan, biroq ular hech qayerda ishlamaydigan yoki pandemiya tufayli daromadidan vaqtincha mahrum bo‘lgan (mavsumiy ishchi, usta, mardikor, sartarosh, chet elda ishini yo‘qotib qaytganlar, taksi haydovchisi, kafe, restoran ishchisi va h.k) va zarur yordamga muhtoj oilalar.

T️a'kidlanishicha, moddiy ko‘mak yuklarini manzilli taqsimlash hamda yetkazib berish maqsadida mahalliy hokimlarning ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosarlari boshchiligida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda Yoshlar agentligining vakillaridan iborat ishchi guruhlar tuzildi, shuningdek, homiylik, xayriyalarni muvofiqlashtirish va volontyorlik markazlarining faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Homiylik, xayriyalarni muvofiqlashtirish va volontyorlik markazlariga murojaatlarni qabul qilishni tashkil etish maqsadida qisqa raqamli telefon tarmog‘i (call-center) ishga tushiriladi.

Bundan tashqari, mazkur qaror bilan volontyorlarga yordam ko‘rsatish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilandi.

Endilikda moddiy ko‘mak yuklarini o‘z manziliga yetkazib berishda asosiy yordamchi bo‘lgan volontyorlar mahalliy hokimliklar tomonidan zarur himoya vositalari — tibbiy kombinezon, tibbiy niqob, qo‘lqop, dezinfeksiya vositalari, shuningdek, uzluksiz harakatlanish uchun avtotransport vositalari (damas, labo, gazel va b.q.) bilan ta’minlanadi.

Yuqorida ko‘rsatilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish, shu jumladan, moddiy jihatdan og‘ir ahvolga tushib qolayotgan eng muhtoj oilalarga oziq-ovqat, dori-darmon vositalari va birinchi ehtiyoj mahsulotlarini sotib olish hamda homiylik, xayriyalarni muvofiqlashtirish va volontyorlik markazlari orqali yetkazib berish учун davlat tomonidan 20 mlrd so‘m miqdorida mablag‘ ajratildi.

Qayd etilishicha, kelgusida davlat tomonidan karantin davrida aholining muhtoj katlamlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida zaruratga qarab yana qo‘shimcha mablag‘lar ham ajratiladi.

Sh️uningdek, davlat tomonidan karantin sharoitida qiyinchilikka duch kelayotgan tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash borasida ham tizimli chora-tadbirlar belgilandi.

Mutasaddilarga nodavlat ta’lim tashkilotlari (maktabgacha ta’lim tashkilotlari, maktablar, oliy ta’lim tashkilotlari) faoliyatini o‘rgangan holda, karantin cheklovlari joriy etilganligi munosabati bilan faoliyatida moliyaviy muammolarga duch kelayotgan nodavlat ta’lim tashkilotlariga har tomonlama amaliy yordam ko‘rsatish, shu jumladan, ushbu masala yuzasidan alohida Vazirlar Mahkamasining qarori tayyorlanadi.

Yirik tadbirkorlik sub’ektlariga karantin cheklovlari amal qilgan davrda tegishli ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va savdo ob’ektlarida sanitariya-gigiyena va epidemiologik talablarga rioya etilishi uchun mas’ul bo‘lgan xodim belgilash tavsiya etildi.