Turkiya prezidenti Rajab Toyyip Erdo‘g‘on Istanbuldagi Avliyo Sofiya ibodatxonasiga qaytattan masjid maqomini berish to‘g‘risidagi farmonga imzo chekdi. Bu haqda mamlakat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, Turkiya Davlat kengashi hukumatning 1934 yilda qabul qilgan qarorini — Avliyo Sofiya masjidini muzeyga aylantirish to‘g‘risida — bekor qilib, ibodatxona qaytattan masjid sifatida ishlatilib, uning ustidan boshqarish vazifalarini Turkiyaning Din ishlari boshqarmasiga topshirdi.

«Avliyo Sofiyaning eshiklari, bizning barcha masjidlarimiz kabi, chet ellikmi yoki mahalliymi, musulmonmi yoki g‘ayridinmi, hamma uchun ochiq bo‘ladi. O‘zining yangi maqomi bilan insoniyatning umumiy merosi bo‘lgan Avliyo Sofiya barchani yanada samimiy va o‘ziga xos tarzda qabul qilishni davom ettiradi», — deya ta’kidladi Turkiya prezidenti Avliyo Sofiya masjidining ibodat uchun qayta ochilishi bo‘yicha xalqqa murojaatida.

Turkiyaning Anadolu axborot agentligining ma’lum qilinishicha, Turkiya Davlat kengashi ushbu ibodatxona-muzey Sulton Mehmet Xon jamg‘armasi balansida bo‘lganini, fond hujjatlari uni masjid sifatida ko‘rsatganini va undan «boshqa har qanday maqsadlarda foydalanish qonunga hilof», deya baholagan.

Masjid o‘z faoliyatini 24 iyul kunidan boshlaydi.

Ma’lumot uchun, Istanbuldagi Avliyo Sofiya ibodatxonasi — Rimdagi Avliyo Pyotr Bazilikasi qurilishidan oldin eng katta nasroniy ibodatxona bo‘lgan va Vizantiya me’morchiligining mashhur yodgorligi hisoblanadi. 1453 yilda Vizantiya imperiyasi Sulton Mehmet II tomonidan fatx etilgandan keyin u masjidga aylantirilgan. Deyarli besh asr davomida ibodatxona masjid bo‘lib kelgan. 1934 yilda esa Turkiyaning birinchi prezidenti Mustafo Kamol Otaturk Avliyo Sofiya masjidini muzeyga aylantirishni buyurgan. 1985 yilda muzey binosi YUNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.