13 iyuldan mahalliy yo‘nalishlardagi poyezdlar va avia qatnovlar to‘xtatiladi, deya xabar berdi Transport vazirligi axborot xizmati rahbari Navro‘z Ashurmatov.

U️ning so‘zlariga ko‘ra, Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan, 10 iyuldan e’tiboran respublika miqyosida qator cheklov choralari o‘rnatilgan. Jumladan:

  • 10 iyul sanasidan avtobuslar harakati vaqtincha to‘xtatiladi;
  • 13 iyul, dushanba kunidan mahalliy yo‘nalishlardagi poyezdlar va avia qatnovlar ham to‘xtatiladi;
  • Kuchaytirilgan karantin tartibi sharoitida faqatgina Respublika maxsus komissiyasi tomonidan tasdiqlangan parvozlar jadvaliga muvofiq, xorijiy davlatlardagi fuqarolarimizni vatanga olib kelish bo‘yicha repatriatsion reyslar bajariladi;
  • Chegara punktlaridan fuqarolarni karantin hududlariga yetkazish uchun avtobus tashuvlari amalga oshiriladi.

Shuningdek, karantin muddatini o‘tab bo‘lgan fuqarolarni reabilitatsiya uchun shifoxonalarga va yashash manzillariga yetkazishda temiryo‘l va avtobuslardan foydalaniladi.

Bundan tashqari, Navro‘z Ashurmatov ma’lum qilishicha, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan «sariq» va «yashil» toifaga kiritilgan mamlakatlardan charter reyslari kelib tushgan arizalarga muvofiq tashkil etiladi.

Ta’kidlanishicha, 10 iyul — 1 avgust kunlari uchun 5900 poyezd chiptalari sotilgan. Karantin talablarining kuchaytirilishi va temir yo‘l aloqasi cheklanganligi sababli, yo‘lovchilar sotib olgan chipta pullari to‘liq qaytarib beriladi.

Muayyan davr uchun «O‘zbekiston havo yo‘llari» Toshkent-Nukus, Toshkent-Urganch va Toshkent-Termiz reyslariga 332 chiptalarni sotgani ma’lum qilindi. Navro‘z Ashurmatov bu aviachiptalar bir yil davomida vaucher sifatida amal qilshini aytib o‘tdi. Yo‘lovchilar havo qatnovlari tiklaganidan keyin ulardan foydalanishlari mumkin bo‘ladi.

«Toshshahartransxizmat» kompaniyasi 1-dan 10 avgustgacha yo‘lovchilar tomonilan sotib olingan oylik yo‘l kartalari va jetonlarni qabul qiladi va foydalanilmagan kunlardagi mablag‘larni qaytarib beradi.