Toshkent hokimligi ijtimoiy tarmoqlarda poytaxt aholisining G‘afur G‘ulom istirohat bog‘i o‘rnida yangi binolar yoki biznes-markaz paydo bo‘lishi haqidagi gap-so‘zlariga izoh berdi.

Xususan, Facebook dagi mashhur guruhlarda aytilishicha, parkning yonida ushbu hududda qurilish loyihasi ko‘rsatilgan bannerlar o‘rnatilgan.

“Yurtdoshlarimizni ishontirib aytamizki, ushbu xavfsirashlar asossiz”, — deya ta’kidladi xokimlik matbuot xizmati.

Shahar ma’muriyati 2019 yil avgust oyida Toshkent hokimi tomonidan Chilonzor tumanida, Bunyodkor shoh ko‘chasida joylashgan G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ini BMP Smart Decision (Singapur) xorijiy kompaniyasiga topshirish to‘g‘risida qaror qabul qilinganini eslatdi.

Hudud ushbu kompaniyaga 49 yilga, “xalqaro standartlarga javob beradigan” zamonaviy park yaratish va modernizatsiya qilish kabi investitsion majburiyatlar bilan topshirildi.

“Modernizatsiya loyihasi o‘z ichiga 80-yillarda o‘rnatilgan eski attraksionlarni yangilariga almashtirish, shuningdek, bog‘ning yashil hududini, bog‘da o‘sayotgan Davlat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi xatlovidan o‘tkazilgan daraxtlarga qo‘shimcha ravishda, yangi daraxtlar bilan to‘ldirishni o‘z ichiga oladi”, — deyiladi hokimlik xabarida.

Rekonstruksiyadan keyin boqqa kirish avvalgiday bepulligicha qoladi, deya ta’kidladi shahar ma’muriyati. Shuningdek, jamoatchilikni ushbu loyiha bilan batafsilroq tanishtirish uchun investor vakili bilan uchrashuv tashkil etilishi haqda e’lon qilindi. Uchrashuv sanasi va formati keyinroq e’lon qilinadi.

Avvalroq, 2019 yil sentyabr oyida hokimiyat ob’ektni investorga topshirish bilan bog‘liq vaziyatni izohlab, G‘afur G‘ulom bog‘i rekonstruksiya qilinganidan keyin “jamoat uchun” bo‘lib qolishini, tadbirkorlar faoliyatini davom ettirishini va “bitta daraxtga tegilmasligini” aytgan edi.