Chirchiq daryosi bo‘yida “Daryo bo‘yi Biznes siti” loyihasi amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ushbu qaror prezident Shavkat Mirziyoyevning 29 may kuni Sergeli va Zangiota tumanlariga bo‘lgan tashrifi davomida davlat rahbari ma’muriyatining protokolidan joy olgani ma’lum bo‘ldi (“Gazeta.uz” da nusxasi bor).

Mazkur loyihaning tashabbuskorlari sifatida Toshkent shahar hokimligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiy rivojlanish va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi va Moliya vazirligi sanab o‘tiladi.

Hujjatda qayd etilishicha, Chirchiq daryosi qirg‘og‘ining 16 kilometrlik qismini 65−80 metrgacha toraytirish rejalashtirilmoqda. Hosil bo‘lgan bo‘sh yer maydonida “Daryo bo‘yi Biznes siti” loyihasi amalga oshiriladi. U yerda ishlab chiqarish, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari yaratiladi.

Prezidentning “Respublika hududlarida „Business city“ zamonaviy ishbilarmonlik markazlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga ko‘ra, ikki oy muddatda Toshkent hokimiyatiga tegishli Direksiya tashkil etish, uning hudud chegaralarini belgilash, bosh rejani ishlab chiqish va investorlarni jalb qilish topshirilgan.

Moliya vazirligi daryoning qirg‘og‘ini toraytirish ishlarini moliyalashtirish uchun poytaxt ma’muriyatiga 300 milliard so‘m miqdorida foizsiz ssuda beradi. Ajratilgan mablag‘ni qaytarish bo‘sh yer maydonlarini investorlarga sotish orqali amalga oshiriladi.

Avvalroq, 2020−2030 yillarga Toshkentning yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish Konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqish haqidagi prezident qarori loyihasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgandi. Loyihaga ko‘ra, poytaxt hokimligiga O‘zbekiston hukumati kafolati ostida poytaxtning yo‘l-transport infratuzilmasi ob’ektlarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun 15 yillik muddatga 200 million dollargacha qiymatda Fransiya taraqqiyot agentligi va boshqa xalqaro moliyaviy institutlar va xorijiy davlatlarning moliya tashkilotlarining qarz mablag‘lari jalb etiladi.

Qaror loyihasida Toshkent shahrida umumiy uzunligi 656 kilometr bo‘lgan piyodalar va velosipedlar yurish yo‘llarining qurilishi va Chirchiq daryosi qirg‘og‘ining 16 kilometrlik qismini 65−80 metrgacha toraytirish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, hosil bo‘lgan bo‘sh yer maydonlarini elektron auksion orqali sotish taklif etiladi deb ta’kidlangan. Biroq, “Daryo bo‘yi Biznes siti” loyihasi undan joy olmagan.