Shavkat Mirziyoyev 6 iyul kuni Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti — Elboshi Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari suhbat avvalida Nursulton Abishevich Nazarboyevni 80 yoshni qarshilagani munosabati bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va yangi zafarlar tiladi.

«Elboshining zamonaviy Qozog‘istonni barpo etish, kuchli davlat boshqaruvi institutlari va milliy kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish, mamlakat raqobatbardoshligi, xalqaro nufuzini oshirishga va, eng muhimi, aholining yuksak turmush darajasini ta’minlashga qaratilgan samarali ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishdagi tarixiy roli alohida qayd etildi», — deyiladi xabarda.

Muloqot chog‘ida ikki davlat yetakchilari ikki tomonlama va xalqaro ahamiyatga molik qator dolzarb masalalarni muhokama qilganligi aytilmoqda. Muloqot davomida koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurashish, pandemiyaning o‘zaro manfaatli hamkorlikka salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha o‘zaro yaqin muvofiqlashuv va sheriklikni davom ettirish muhimligi ta’kidlangan.