O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 30 iyun kuni odil sudlovni ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Ushbu ustuvor masalalar yuzasidan o‘tgan 3 yilda 20 dan ortiq qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi. Islohotlar natijasida sudlar tomonidan ilk marotaba 2 ming 273 nafar fuqaroga nisbatan oqlov hukmi chiqarildi. Shuningdek, jinoyat yo‘liga bilib-bilmay kirgan 3,5 mingdan ortiq yoshlar va xotin-qizlarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanmasdan, ular mahalla va jamoatchilik kafilligiga olindi. Inson huquqlarini buzganligi uchun 60 nafar huquq-tartibot idoralari xodimlari jinoiy javobgarlikka tortildi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, bunday o‘zgarishlar odamlarimizda haqiqat va adolatga bo‘lgan ishonchni mustahkamlamoqda. Lekin xalq sud-huquq tizimidan rozi deyishga hali asos yo‘q.

Ayniqsa, Andijon va Chiroqchi tuman ichki ishlar idoralarida yaqinda sodir bo‘lgan fojiali holatlar tizim rahbarlarini uyg‘otishi, aniq xulosalar qilishga chorlashi kerakligi qayd etildi. Hozirda jinoyatlarga aloqador 11 nafar ichki ishlar xodimlari qonun oldida javob bermoqda. 7 nafar rahbar lavozimidan ozod etildi, yana 16 tasi intizomiy javobgarlikka tortildi.

Oliy Majlis palatalari yetakchilari boshchiligida parlament a’zolari joylarda xalq bilan ochiq muloqot o‘tkazgan paytda jamoatchilik ushbu yo‘nalishlardagi mavjud adolatsizliklarni ochiq-oydin bayon qilgan.

Ushbu tajriba asosida, bundan buyon deputat va senatorlar o‘zlari saylangan hududlarda sudyalar korpusi, sektor rahbarlari va jamoatchilikni jalb qilgan holda Odil sudlovga ko‘maklashish va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha muntazam ravishda muloqotlar o‘tkazib boradilar.

Aholi tomonidan ko‘tarilgan adolatsizlik holatlari va muammolar har chorakda mahalliy kengashlarda tanqidiy muhokama qilinib, mutasaddilar oldiga aniq savollar qo‘yiladi va mas’uliyatiga baho berib boriladi.

Oliy Majlisdagi maxsus qo‘mitalar har bir hududning odil sudlov va korrupsiya masalalariga oid reytingi yuritilishiga bosh-qosh bo‘lib, har yarim yilda natijalari bo‘yicha parlament eshituvlari va tekshiruvlarini o‘tkazib boradi.

Inson huquqlari markazi, Ombudsman, Toshkent davlat yuridik universitetiga “Inson qadr-qimmati — eng oliy qadriyat” maxsus o‘quv moduli bo‘yicha barcha huquq-tartibot idoralari rahbar xodimlarini o‘qitish vazifasi yuklatildi.

Hozirgi tergov sifati va xodimlar malakasi talabga javob bermasligi ta’kidlandi. Misol uchun, joriy yilning 5 oyida tergov organlari asossiz ayb qo‘ygan 323 nafar fuqaro sudlar tomonidan oqlangan, 1 ming 854 nafar shaxsga nisbatan qo‘yilgan asossiz ayblovlar olib tashlangan. O‘tgan yilning o‘zida 236 nafar oqlangan shaxsga davlat hisobidan 6,7 milliard so‘mlik moddiy va ma’naviy zarar to‘lab berilgan.

Ma’lumki, sudyalik lavozimini egallash uchun muayyan ish stajiga ega bo‘lish, Sudyalar oliy maktabini o‘qib tugatish kabi talablar qo‘yish orqali tanlov kuchaytirildi.

Endi tergovchilikka nomzodlarga ham shunga o‘xshash talablar qo‘yilishi kerakligi qayd etildi. Jumladan, bir qator mutasaddi idoralarga Tergov институтини tashkil etish, tergovchilik kasbini egallashga mutlaqo yangi talablarni ishlab chiqish, sohaga ilg‘or tajriba va standartlarni joriy etish vazifalari qo‘yildi.

Yana bir muhim masala — huquq-tartibot idoralarida ishlarning tergovga aloqadorligi buzilib ketgan. Xususan, shunday jinoyat turlari borki, ularni har qanday tergov idorasi tergov qilishi mumkin bo‘lsa, ayrim moddalar esa qaysi tergov organiga mansubligi qonunda ko‘rsatilmagan.

Shuningdek, 2018−2019 yillarda birinchi instansiya sudlarida jami 192 ta jinoyat ishi bo‘yicha 307 nafar shaxs oqlangan bo‘lsa-da, hech qaysi holatda prokuror ayblovdan voz kechmagan. Shu bois tergov jarayonidagi xatolar sud majlisida aniqlansa, prokuror sudning tugashini kutib o‘tirmasdan, o‘z tashabbusi bilan ayblovdan voz kechadigan tartib joriy etilishi lozimligi qayd etildi.

“Sud binosiga kelgan har bir inson O‘zbekistonda adolat borligiga ishonib chiqib ketishi kerak. Bu Prezident talabi!” — deya ta’kidladi davlat rahbari.

Biroq, joriy yilda aholidan kelib tushgan murojaatlarning 8 mingdan ziyodi yoki 44 foizida sudlarda ishlar to‘liq va xolis ko‘rilmayotgani, uzoq muddat cho‘zilayotgani bildirilgan.

Yana bir misol, 2019 yilda iqtisodiy sudlarda apellyatsiya, kassatsiya va nazorat tartibida ko‘rilgan ishlarning 2,5 mingdan ortig‘i, ya’ni 44 foizi bekor qilingan yoki o‘zgartirilgan. Bu har ikki shikoyatdan biri bo‘yicha tuman va viloyat iqtisodiy sudi chiqargan qarorlar yuqori sudda o‘zgarayotgani, tadbirkor va investorlar sarson bo‘layotganidan dalolat beradi.

Mutasaddilarga ilg‘or tajribalar va xalqaro standartlar asosida sud tizimini “bir sud — bir instansiya” tamoyili asosida qayta ko‘rib chiqish topshirig‘i berildi.

Sud tizimida eskilik sarqiti bo‘lgan, o‘z nomi bilan ham sudning mazmun-mohiyatiga to‘g‘ri kelmaydigan “nazorat tartibida ishlarni ko‘rish” amaliyotidan to‘liq voz kechiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev sudyalarning adolatli qaror qabul qilishlariga ta’sir o‘tkazuvchi barcha omillarni, shu jumladan Oliy sud raisi va bosh prokurorning protest keltirish huquqini bekor qilish taklifini ilgari surdi. Parlament palatalari ushbu taklifni ko‘rib chiqadi.

Sudlar chiqarayotgan qarorlar faqat sud majlisida tekshirilgan dalillarga asoslanishi lozimligi ta’kidlandi. Ayrim sudyalar tergov materiallariga bog‘lanib qolgani, bu esa qonun, sud va davlat obro‘siga putur yetkazishi qayd etildi. Odil sudlov xalqning ko‘z o‘ngida, ochiq-oshkora amalga oshirilib, adolat qaror topishi lozimligi aytib o‘tildi.

Davlat rahbari, shuningdek, sudga borish uchun ayrim tuman va shaharlarimizda odamlarga qulaylik yaratish zarurligi haqida gapirdi. Misol uchun, aholisi eng ko‘p tumanlardan biri bo‘lgan Urgutda (500 ming kishi, 102 ta mahalla) fuqarolik sudi yo‘qligi sababli 80 kilometr yo‘l bosib, Toyloq tumanlararo sudiga boriladi.

Shu bois sudlar va ularning faoliyatini optimallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Xususiy mulk qonun va sudning kafolatli himoyasida bo‘lishi zarur. Oxirgi bir yarim yil ichida sudlar tomonidan hokimlarning yer ajratish, bino-inshootlarni buzish va xususiylashtirishga oid 1 ming 730 ta qarori bekor qilingan. Sud orqali yer munosabatlari bilan bog‘liq mingta, uy-joy buzilishiga doir 51 ta, xususiylashtirishga oid 62 ta holatda fuqarolar va tadbirkorlarning huquqlari tiklangan.

Xususiylashtirish natijalarini qayta ko‘rib chiqishni bekor qilish, umuman, davlat idoralarining bunday tashabbus bilan chiqishiga yo‘l qo‘ymaslik va bu qonunda mustahkamlanishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yerga bo‘lgan huquqlar kafolati kuchaytirilib, mulkiy huquqlarni bekor qilish faqat sud tartibida hal etilishini qat’iy belgilash zarur, dedi prezident.

Viloyat, tuman (shahar) hokimlari, barcha sektor rahbarlari o‘z hududlarida ushbu talablarga qat’iy amal qilinishini ta’minlashi shartligi qayd etildi.

“Bir narsani bilinglar — sarmoya kiritayotgan investor birinchi navbatda o‘z huquqlari sud orqali kafolatli himoya qilinishiga e’tibor beradi. Hamma rahbarlar qulog‘iga quyib olsin: sud faoliyatiga aralashishga hech kimning haqqi yo‘q”, — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Sudyaning faoliyatiga to‘sqinlik qilgani va adolatsiz qaror chiqarishga majburlagani uchun javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

Ma’lumki, odil sudlovning ajralmas qismi — advokatura, ushbu institutning adolat qaror topishidagi o‘rni beqiyos.

O‘zbekistonda bugun 4 ming atrofida advokat faoliyat ko‘rsatib, 8,5 ming aholiga o‘rtacha bitta shunday mutaxassis to‘g‘ri kelmoqda.

Advokatlarning 43 foizi Toshkent shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, viloyatlarning 20 ta tumanida birorta ham advokatlik firmasi ro‘yxatdan o‘tmagan.

Advokatlik faoliyatini boshlashi uchun yosh mutaxassislardan 2 yil yuridik staj talab etishni bekor qilish, talabalikdan advokat yordamchisi sifatida amaliyot o‘tash tartibini joriy etish kerakligi ta’kidlandi. Yuridik oliy o‘quv yurtlarida “advokatlik faoliyati” mutaxassisligi bo‘yicha magistrlar tayyorlanadigan bo‘ldi.

Davlat tomonidan taqdim etilgan advokatlarni tanlashning ochiq-oshkora tartibi yo‘qligi bois ayrim tergovchilar o‘ziga tanish advokatlarni chaqirib, ayblanuvchiga ta’sir o‘tkazish hollari uchrab turadi. Masalan, Toshkent shahrida davlat tomonidan advokatlarga o‘tgan yili 7 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilgan bo‘lsa, ushbu mablag‘ning teng yarmi 20 ta advokatlik firmasiga berilgan (jami 746 ta shunday firma mavjud).

Shu sababli tegishli vazirliklarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatlarni elektron tanlash tizimini ishga tushirish topshirig‘i berildi. Bu dastlab poytaxtimizda eksperiment tariqasida joriy etiladi.

Shuningdek, o‘ta og‘ir jinoyatda ayblanayotgan shaxslarning ishi bo‘yicha, undan tashqari, qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash masalasi ko‘rib chiqilayotgan holatlarda ham advokat ishtirokini majburiy etib belgilab qo‘yish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Advokatlik faoliyati jozibadorligini oshirish, bu kasb egalarining himoyasi va kafolatini kuchaytirish bo‘yicha qonun hujjatlari paketini ishlab chiqib, muhokamaga olib chiqiladi.

Sud faoliyatida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish bugungi davr talabidir. Joriy yil yakuniga qadar Oliy sudda yagona “Adolat” axborot tizimlari kompleksini ishga tushirish vazifasi yuklatildi.

Bunda barcha uchun sudlarga elektron murojaat qilish, murojaatlar holatini onlayn tarzda kuzatish, taraflarga ma’lumotlarni elektron shaklda yuborish imkoniyati yaratiladi.

Sudlar joriy yilda videokonferensiya aloqa tizimi bilan 100 foiz qamrab olinishi lozimligi ta’kidlandi.

Videoselektor yig‘ilishida navbatdagi muhim masala — korrupsiyaga qarshi kurash borasida islohotlar muhokama qilindi.

Jumladan, 143 ta davlat xizmatlari elektron shaklga o‘tkazilib, 35 ta idorada talab qilinadigan hujjatlar soni va xizmat ko‘rsatish vaqti 2 hissa qisqardi. Byudjet xarajatlari, davlat xaridlari, yer, bino va inshootlarni oldi-sotdi qilish jarayonlariga oshkoralik va ochiqlik tamoyillari joriy etildi.

Ma’lumki, kecha, 29 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligini tashkil etish haqidagi farmonni qabul qildi.

Agentlik tarmoq va hudud rahbarlari bilan birga quyidagi vazifalarni amalga oshiradi.

Birinchidan, barcha viloyat, tuman (shahar) hokimlari o‘z hududlarida, tarmoq rahbarlari o‘z tizimlarida Agentlik bilan birga bir oy muddatda Korrupsiyadan holi dasturini ishlab chiqadi. Bunda ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash hamda sohalarni raqamlashtirish eng asosiy vazifa bo‘ladi.

Ikkinchidan, korrupsiyaning oldini olishda ta’sirchan parlament va jamoatchilik nazorati yo‘lga qo‘yiladi. Jumladan, Agentlik korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining holatini tahlil qilib, har yili Prezident va Oliy Majlis palatalariga milliy hisobot kiritib boradi.

Shuningdek, Agentlik keng jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan birga aholi va tadbirkorlarning korrupsiyaga munosabatini o‘rganib borishi va davlat idoralari faoliyatini baholab borishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Uchinchidan, korrupsiyaga qarshi kurashishda kadrlar tayyorlash masalasiga jiddiy e’tibor beriladi. Buning uchun Davlat boshqaruvi akademiyasi va Toshkent davlat yuridik universitetida korrupsiya muammolarini o‘rganish bo‘yicha alohida o‘quv moduli, maxsus kafedra va magistratura mutaxassisligi ochiladi. Shuningdek, rahbar xodimlar, ayniqsa, hokimlarning bu boradagi bilim va ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha malaka oshirish kurslari tashkil etiladi.