Yirik reklama beruvchi kompaniyalardan biri bo‘lgan Unilever Plc ham Facebook`da reklama berishga boykot aksiyasiga qo‘shilgach, Facebook kompaniyasining aksiyalari 8,3 foizga tushib ketdi. Mark Sukerberg esa buning oqibatida 7,2 milliard dollar yo‘qotdi, deya xabar beradi Bloomberg.

Xabarga ko‘ra, ushbu boykotga Facebook ijtimoiy tarmog‘ining AQSHda yaqinlashib kelayotgan prezidentlik saylovlari arafasida norozilik chiqishlariga nisbatan qarshiliklar, irqchilik, nafrat va noto‘g‘ri ma’lumotlar berilishi bilan bog‘liq holatlarga qarshi yetarli darajada kurashmayotgani sabab qilib ko‘rsatilmoqda.

Faollar Facebook`dan tarmoqda tazyiq va ta’qib qilinishlar haqdagi shikoyatlar moderatsiyasini kuchaytirishni, nafrat uyg‘otuvchi reklamalarni va ekstremistik guruhlarni avtomatik tarzda o‘chirishni talab qilishgan.

Hozirgi vaqtga qadar Facebook ijtimoiy tarmog‘ida reklama berishdan Coca-Cola Co, Honda Motor Co, Hershey Co, PepsiCo, Verizon Communications Inc, Levi Strauss & Co, Ben & Jerry’s Homemade Inc, Viber, The North Face, REI, Upwork Inc kabi yirik kompaniyalar voz kechishgan.

Facebook kompaniyasini nafaqat brendlar, balki ular bilan ishlaydigan reklama agentliklari ham boykot qilmoqda. Shu jumladan, yirik reklama agentliklaridan biri o‘zining 50 dan ortiq mijozlarini boykot qilish aksiyasini qo‘llab-quvvatlashga va ijtimoiy tarmoqda reklama bermaslikka chaqirgan xabarlarni yuborgan.

Shu sababli, 26 iyun kuni Facebook kompaniyasi qiymati 8,3%ga, ya’ni $56 mlrd ga pasaydi. Bloomberg hisob-kitoblariga ko‘ra, Mark Sukerbergning boyligi $82,3 mlrd gacha pasaygan. Facebook aksiyalarining hozirgi narxi 216 dollarga teng.

Facebook hozirda yirik reklama beruvchi kompaniyalar bilan kelishishga harakat qilmoqda va kompaniyaning nafrat uyg‘otuvchi kontent bilan qanday kurashayotgani, bu yo‘lda yana nima o‘zgarishlar qilishi borasida ma’lumot bergan. Ko‘pchilik brendlar agar bu borada o‘zgarishlar yuz bersa, platformaga qaytishga tayyor ekanliklarini bildirishgan.

Shuningdek, Sukerberg Facebook AQSHdagi saylovlar bilan bog‘liq barcha xabarlarga saylovchilar uchun tashkil qilingan yangi axborot markaziga yo‘naltiruvchi havola qo‘yib borilishini e’lon qildi. Bundan tashqari, kompaniya taqiqlangan postlarga nisbatan yondashuvini kengaytirdi. Shu bilan birga, iyun oyida ijtimoiy tarmoq Donald Trampning saylovoldi tashviqoti uchun e’lon qilinan bir qator reklama matnlarini olib tashladi.