1 iyun kuni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov va Qirg‘iziston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Kubatbek Boronov chegarada uchrashuv o‘tkazib, bir kun oldin ikki davlat chegara hududidagi qishloqlar aholisi o‘rtasida yuz bergan to‘qnashuv tafsilotlarini muhokama qildi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, 31 may kuni Qirg‘izistonning Botken viloyatiga tutash, Farg‘ona viloyati tarkibidagi So‘x tumanida joylashgan Chashma qishlog‘ida buloq masalasida O‘zbekiston va Qirg‘izistonning chegaradosh hududlari aholisi o‘rtasida mahalliy darajadagi mojaro yuz bergan edi.

Ikki tomon rasmiy shaxslari tomonidan voqea sabablari o‘rganilib, «Chashma» bulog‘ining ariqlarini birgalikda tozalash paytida yuzaga kelgan bahslashuv natijasida ikki mamlakatning ayrim fuqarolari o‘rtasida mojaro kelib chiqqani aniqlandi. Unda, tomonlar bir-birini toshbo‘ron qilgan va buning oqibatida ikki tomondan ham jabrlanganlar bor.

TIVning ma’lum qilishicha, «Chashma» bulog‘i O‘zbekiston va Qirg‘iziston aholisini ichimlik va sug‘orish suvi bilan ta’minlaydi. O‘zaro manfaatlarni inobatga olgan holda «Chashma» bulog‘idan birgalikda foydalanish to‘g‘risida kelishuv mavjud.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov va Qirg‘iziston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Kubatbek Boronov uchrashuvi davomida tomonlar chegarada yuz bergan ko‘ngilsiz voqea uchun afsusda ekanini bildirgan.

Tomonlar transchegaraviy hamkorlikni rivojlantirish va chegarada yuzaga keladigan muammolarni do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik ruhida, shuningdek, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida 2017 yil 6 oktyabrda imzolangan Chegara hududida ishonch choralari bo‘yicha Bitim qoidalariga muvofiq hal qilishga va mazkur hodisa bo‘yicha birgalikda tergov harakatlari olib borishga kelishib oldilar.

«Ikki mamlakatning chegaradosh viloyatlari rahbarlarining muzokaralari natijasida vaziyat to‘liq nazoratga olindi. Tomonlar bundan keyin oldindan kelishuvsiz tozalash ishlarini olib bormaslikka kelishib oldilar», — deyiladi Tashqi ishlar vazirligining bayonotida.

Shuningdek, hukumat rahbarlari yaqin vaqt ichida Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va O‘zbekistonning chegaradosh viloyatlari hokimlari va Qirg‘iziston hukumatining chegaraoldi hududlaridagi vakolatli vakillari Kengashini o‘tkazishga kelishib oldilar.