Bugun, 29-may kuni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, dublyaj ustasi, taniqli aktyor Hoshim Arslonov 64 yoshida olamdan o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi Facebok-sahifasida xabar qildi.

Hoshim Arslonov 1956 yil 1 Avgust kuni Chust shahrida tug‘ilgan. 1977 yilda Toshkent teatr va rassomchilik san’ati institutini tugatgan. 1977 yildan 2017 yilgacha O‘zbekiston Davlat drama teatrida faoliyat yuritgan.

Faoliyati davomida turli spektakllar, film va seriallarda turli rollarni ijro etgan. «Uyg‘onish», «Marg‘iyona», «Otamdan qolgan dalalar», «Alpomish», «Xo‘ja Nasriddin: o‘yin boshlandi», «Aprel-May», «Chavandoz», «So‘zsiz sevgi», «Dinozavr qoldirgan iz», «Yorim-beozorim», «Haqiqat kuni», «Qasos», «Mening akam bo‘ydoq», «So‘nggi qo‘ng‘iroq», «Singilginam», «Xiyonat», «Endi dadam bo‘ydoq», «Ijarachilar» kabilar shular jumlasidandir.

Dublyaj sohasida salmoqli ulush qo‘shdi. Italiyaning Iskya shahrida xalqaro kinofestivalda «Ulug‘bek. Osmon toqiga qo‘yilgan narvon» filmidagi roli uchun g‘oliblikni qo‘lga kiritgan va sovrindor bo‘lgan.