Sirdaryodagi Sardoba suv ombori to‘g‘onining buzilishi bo‘yicha olib borilayotgan jinoiy ish doirasida 4 ta asosiy tergov taxmini mavjud. Bu haqda bosh prokuror matbuot kotibi — axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Hayot Shamsuddinov Xalqaro press-klubning Sardobadagi falokatga bag‘ishlangan sessiyasida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Sardoba suv ombori ob’ektining pudratchisi “Sirdaryosuvqurilishinvest” DUK, ya’ni sobiq Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “15-chi sonli qurilayotgan ob’ektlar birlashgan direksiyasi” bo‘la turib, bosh pudratchi sifatida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga qarashli “O‘ztemiryo‘lqurilishmontaj” UK qatnashgan. Qurilish ishlariga 28 ta sub-pudratchii jalb qilingan.

“Loyihachi sifatida „Uzgip“ MCHJ ishtirok etgan. Loyiha qiymati 1,2 trln so‘mni tashkil qilgan. Moliyalashtirish manbai byudjet mablag‘lari hisobidan bo‘lgan”, — dedi Bosh prokuratura vakili.

Ma’lum bo‘lishicha, jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlarini har tomonlama to‘liq va xolisona olib borish maqsadida DXX hamda IIVning malakali va tajribali xodimlaridan iborat tezkor tergov guruhi tashkil qilingan.

Jinoyat ishi bo‘yicha quyidagi asosiy tergov taxminlari, ya’ni versiyalari oldinga surilib, tekshirilmoqda:

  1. loyihalashdagi xatoliklar;
  2. qurilish me’yorlariga rioya etmaslik;
  3. ekspluatatsiya jarayonidagi xatoliklar;
  4. tabiiy ofat.

“Tergov taxminlarini tekshirish maqsadida, dastlabki tergov davomida jami 170 nafardan ziyod shaxslar tergov guruhi a’zolari tomonidan guvoh tariqasida so‘roq qilinib, suv omborini loyihalashtirish, uning qurilishi va ekspluatatsiya qilish jarayonlari to‘g‘risida ko‘rsatmalar olindi. Jinoyat ishi doirasida 10 tadan ortiq ekspertiza laboratoriya tahliliy tadqiqotlar tayinlandi, deya ma’lum qildi Hayot Shamsuddinov.

Ma’lumotga ko‘ra, suv ombori to‘g‘oni, loyihaga mos ravishda qurilgani, ekspluatatsiya qoidalariga rioya etilgani, hisobotda aks ettirgan ekspluatatsiya xarajatlari va ularning ishlari haqiqatdan ham bajarilganligi, moliyaviy xo‘jaligi hisobotlari to‘g‘ri bajarilganligi tekshirilmoqda.

Bundan tashqari, jinoyat ishi bo‘yicha 25 tadan ziyod tegishli sohadagi yuqori malakali mutaxassislar jalb qilingan bo‘lib, hozirda tadqiqotlar olib borilmoqda. Bunda, gidrotexnika inshootlarni qurish va ekspluatatsiya qilish sohadagi mutaxassislarni jalb qilgan holda butun to‘g‘on, ichki va tashqi tomoni ko‘zdan kechirilib, uning faoliyatiga ehtimol ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan holatlar ham o‘rganilmoqda, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 1 may kuni ertalab Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv omborida to‘g‘on o‘pirilish sodir bo‘ldi. Suv toshqini natijasida Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlaridagi aholi punktlari va ekinlarga zarar yetdi. Binolar, yo‘llar, kommunikatsiyalar vayron bo‘ldi. Uchta tumandagi 22 ta qishloqdan 60 mingdan ortiq aholi evakuatsiya qilindi.

Shuningdek, “Gazeta.uz” ochiq ma’lumotlar va axborot manbalari asoslanib “O‘zbekiston temir yo‘llari” qoshidagi “O‘ztemiryo‘lqurilishmontaj” korxonasi Sardoba suv ombori qurilishida bosh pudratchi bo‘lganini hamda gidroinshoot qiymati 1,3 trln so‘mni (404 mln dollar) tashkil etganini aniqlagan edi.