O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanida Sardoba suv ombori to‘g‘onidan suv chiqishidan aziyat chekkan aholi vakillari bilan uchrashuvda sharoit yaxshi bo‘lgunga qadar o‘zi va barcha rahbarlar hech qayerga ketmasligini ma’lum qildi. Uchrashuv tafsilotlari “O‘zbekiston 24” telekanali orqali efirga uzatildi.

“Buyam bir sinov, hech kim kutmagan sinov. Eng katta qilgan harakatimiz odamlarni ehtiyot joylarga ko‘chirish edi. Sizlar mana shu Oqoltin tumanining rahbarlari, oqsoqollari, nuroniylari va mahalla raislaridan iltimos qilaman — hozir odamlarni saranjom qilib, hammamiz mahalla-mahallabay qilib yig‘ib olib, hamma sharoitini vaqtinchalik yaratib beramiz”, — dedi davlat rahbari.

Prezident odamlarni uylarga joylashtirib, nonini, ovqatini, hamma sharoitini qilish kerakligini ta’kidladi.

“Mahalla raisi bilan uchastka noziri o‘tirib, hamma sharoitini yaratadi. Hamma kuch va vositani shunga safarbar qilamiz. Sharoit yaxshi bo‘lmaguncha, birorta rahbar, men bosh, birortamiz hech qayerga qimirlamaymiz. Eng katta narsa o‘zlaringni qo‘lga olishlaring kerak. Bu endi hech kim kutmagan falokat, birov taxmin qilib bo‘lmagan falokat”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

“2020 yil og‘ir keldi, pandemiya ham bir balo bo‘ldi — mana shu og‘irlikni yelkamizga olib, chidashimiz kerak. Hozir xato qilishga haqqimiz yo‘q. Odamlarni vahima qildirmaslik kerak. Ayniqsa ayollar, yoshlarni tinchlantirish kerak. Birorta xonadon, biror aholimiz e’tiborsiz qolmaydi. Joyini ham qilib beramiz, sharoitini ham qilib beramiz. Sizlar bilan bamaslahat. Qurilishlarni boshlaymiz. Xudoning o‘zi hammamizga sabr bersin, O‘zi qo‘llab-quvvatlasin”, — deya o‘z so‘zlariga yakun yasadi davlat rahbari.

Prezident vertolyotda Sardoba suv ombori to‘g‘onining suv chiqqan qismini ko‘zda kechirdi. Hukumat komissiyasi va mutasaddi rahbarlarga to‘g‘onning mazkur qismini tiklash va uning oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berdi.