Bu haftada ham O‘zbekistonga Erondan issiq va quruq havo oqimi kirishi davom etadi, deya xabar qildi O‘zgidromet matbuot xizmati.

Dushanbadan jumagacha janubiy oqim kuchayadi, ya’ni issiq havo respublika hududini qamrab oladi.

O‘zbekiston hududining katta qismida havo vaqti-vaqti bilan o‘zgarib turadi, yog‘ingarchilik bo‘lmaydi. Harorat kechasi 17−22 daraja atrofida, 20−22 aprelda kunduzi 25−30 daraja, 23−24 aprelda 27−32 daraja, janubda va cho‘l zonasida ayrim joylarda 33−34 daraja issiqqacha ko‘tariladi, bunday haroratlar shu davr uchun xos bo‘lgan me’yoriy qiymatlardan 6−8 darajaga yuqoridir.

«Eslatib o‘tamiz, aprelning shu kunlari uchun maksimal harorat rekordlari 32−34 darajani, janub va cho‘l zonalarida esa 35−37 darajani tashkil qilgan», — deyiladi xabarda.

Faqat respublikaning shimoliy hududlariga haftaning ikkinchi yarmida g‘arbiy Qozoqistondan nisbatan salqin va kam nam havo oqimi kirishni boshlaydi. 23 aprelda Qoraqalpog‘istonda ayrim joylarga qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Harorat pasayib 24 aprelda kechasi 7−12, kunduzi 17−22 daraja iliq bo‘ladi.