«Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi o‘tkazgan telefon so‘rovlari davomida 54 foiz respondentlar mamlakatda koronavirus bilan kasallanganlar aniqlangach, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari oshgan, deb hisoblamoqda. 38 foizi narxlar oshmagan, deb javob bergan. So‘rov yakunlari markaz tomonidan «Gazeta.uz»ga xabar qilindi.

So‘rov 16 martdan 20 martgacha o‘tkazilgan. Unda mamlakatning barcha mintaqalarida yashovchi, 18 va undan katta yoshdagi erkaklar va ayollar, yoshlar va kattalar ishtirok etdi. Markaz respondentlarning aniq sonini ma’lum qilmadi.

Mintaqaviy kesimda asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining narxi bo‘yicha fuqarolarning fikrlari har xil bo‘ldi. Buxoro va Andijon viloyatlarida yashovchi har ikkinchi respondent va Namangan viloyatida yashovchi fuqarolarning 47,3 foizi keyingi paytda asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining narxi oshdi, deb hisoblaydi. Navoiy va Surxondaryo viloyatlari hamda Toshkent shahrida telefon so‘rovi oziq-ovqat mahsulotlari narx-navosining oshganligi haqida fikr bildirgan fuqarolar sonining eng past ko‘rsatkichini aniqladi.

So‘rov fuqarolarning koronavirus infeksiyasi yuqishidan himoyalanish yo‘llari haqidagi xabardorlik darajasini aniqladi. 42,1 foiz fuqarolarning fikricha, koronavirusni yuqtirmaslik va kasallik profilaktikasining asosiy yo‘li shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilishdir, har uchinchi respondent tibbiy niqoblar kasallikni yuqtirmaslikka yordam berishiga ishonadi. 15,9 foiz ishtirokchilar odamlar gavjum joylarga borishdan cheklanish kerak, deb hisoblaydi. Shuningdek, telefon so‘rovi davomida respondentlar koronavirusga qarshi kurashda xalq tabobati, efir moylari va to‘g‘ri ovqatlanish yordam berishi haqidagi fikrni bildirdilar.

Shuningdek, fuqarolarning ko‘pchiligi — 88 foizi — koronavirusdan o‘zini va yaqinlarini himoya qilish uchun zarur shaxsiy himoya vositalari (tibbiy niqoblar)ga egadirlar. 4,3 foiz so‘rov qatnashchilari ularni hali sotib olisholmagan, 6,3 foiz respondentlar esa bu ishni endi qilishmoqchi.