Xitoyning PetroChina kompaniyasi ayrim turdagi tabiiy gaz, xususan siqilgan va quvurlar orqali import qilinayotgan gaz sotib olish shartnomalarini to‘xtatdi, deb xabar bermoqda Reuter o‘z manbasiga tayangan holda. Agentlik xabarida ta’kidlanishicha, koronavirus infeksiyasining keng tarqalishi mavsumiy gaz iste’moli sur’atiga salbiy ta’sir qilmoqda. Reuter ushbu vaziyatdan PetroChinagaz eksportchi hamkorlari ogohlantirilgan, deb yozadi.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumoti bo‘yicha, Xitoy O‘zbekistonning asosiy savdo sheriklaridan biri hisoblanadi. 2019 yil 11 oy yakuni bo‘yicha rasmiy Toshkent Xitoyga 2,1 milliard dollar qiymatidagi tovar va xizmatlarni eksport qilgan. Mamlakatning tashqi iqtisodiy faoliyatida gaz eksporti qariyb 20 foizli ulushga ega ekani hisobga olinsa, PetroChina tarqatgan bayonot O‘zbekiston eksport salohiyatiga ham ta’sir o‘tkazadi.

«Gazeta.uz» O‘zbekistonda tabiiy gaz eksporti shartnomalariga mas’ul tashkilot — «O‘ztransgaz» kompaniyasi bilan bog‘landi. Jamiyat matbuot kotibi ushbu xabar na inkor etdi, na tasdiqladi. U ayni paytda ushbu masala yuzasidan ma’lumotga ega emasligini bildirdi.

PetroChina gaz importini to‘xtatib qo‘yishni eksportchi davlatlarda tabiiy gaz qazib chiqarish hajmining tushib borishi bilan bog‘lanmagan. Negaki, «O‘zbekneftgaz» kompaniyasining «Gazeta.uz»ga bildirgan ma’lumotida, joriy yil dastlabki ikki oyida kompaniya tomonidan tabiiy gaz qazib chiqarish hajmi o‘tgan yilning xuddi shu davriga nisbatan 19 foizga oshgan.

«Gazeta.uz»ning hukumatdagi manbasi tabiiy gaz qazib chiqarish masalasida «O‘zbekneftgaz»dan tashqari, o‘zbek bozorida Rossiyaning «Lukoyl» kompaniyasi ham ish olib borishini ta’kidlab o‘tdi.

«Ularning ish sur’ati aniq raqamlar bilan oshkor ko‘rsatilmagan. Shunga qaramay, o‘tgan davrda kompaniyaning tabiiy gaz qazib chiqarish hajmi deyarli 50 foizga tushgandi», — dedi manba.

Ushbu ma’lumotga oydinlik kiritish va tasdiqlash uchun «Lukoyl» kompaniyasi O‘zbekistondagi vakilligi bilan bog‘lanish besamar ketdi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 5 mart kuni Rossiyaning «LUKOYL» kompaniyasi prezidenti Vagit Alekperovni qabul qilgandi. Uchrashuvda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqilgani ta’kidlangan.

Bugungi kunda kompaniyaning qo‘shma loyihalarga kiritgan sarmoyalari hajmi 10 milliard dollar atrofida. Yiliga 8 milliard kub metrdan ziyod tabiiy gazni qayta ishlash quvvatiga ega Qandim gazni qayta ishlash majmuasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Janubi-G‘arbiy Hisor va Ustyurtdagi konlarni o‘zlashtirish davom etyapti.