Avtomobil importi 2019 yilda o‘sishda davom etdi, deya xabar qildi Spot Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga tayanib.

2018 yilda O‘zbekiston import qilinadigan mashinalarga 319 million dollar sarflagan bo‘lsa, 2019 yilda 440 million dollarni tashkil etdi.

Taqqoslash uchun: 2017 yilda bu ko‘rsatkich 155 million dollarni, 2016 yilda 193 million, 2015 yilda 120 million va 2014 yilda 212 millionni tashkil etgan.

Avvalroq «AvtoVAZ» ham mamlakatga ko‘proq mashina olib kirish boshlanganini ma’lum qilgan edi, deya qayd etmoqda Spot. Xususan, 2019 yil yakunlariga ko‘ra O‘zbekistonda Lada savdosi 2018 yilga qaraganda 2,5 barobarga o‘sib, 2600 ta o‘rniga 6600 ta avtomobil sotilgan.

2019 yil davomida qimmatbaho xorijiy avtomobillar va elektr transport vositalarini olib kirishda imtiyoz mavjud edi. 2020 yil 1 yanvardan boshlab birinchisiga nisbatan imtiyoz muddati tugadi, ikkinchisiga esa saqlanib qoldi.