Qashqadaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati viloyat Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i Akrom Aripov tomonidan viloyat hokimi v. b. Zoyir Mirzayevning 21 bosh qo‘y bug‘doy dalasini payhon qilgani bilan bog‘liq vaziyatni tekshirish topshirig‘i bajarilgani haqida ma’lum qilingan videoyozuvga izoh berdi.

Nishon tumanida olingan videoda Akrom Aripov bilan bilan birgalikda tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Dilshod Umarov, shuningdek, «Otamurod ota» fermer xo‘jaligi rahbari Sherzod Bobonazarov va qo‘ylar egasi Abdurashid Azamatov ham bor.

Akrom Aripov yetkazilgan zarar uchun tovon sifatida fermer va qo‘ylar egasi hisobidan bittadan, jami ikkita qo‘y so‘yilgani, ularning go‘shti kam ta’minlangan oilalar va agrotexnikalarni ta’mirlayotgan ustalarga tarqatilishini ma’lum qiladi.

Video

Viloyat hokimiyati matbuot xizmati rahbari Ahror Sodiqov Akrom Aripov bilan telefon orqali bog‘landi. Unda Zoyir Mirzayev holatga qonun doirasida ish ko‘rilishi kerakligi haqida topshiriq bergani Aripov tomonidan ta’kidlangan.

Qashqadaryo viloyat prokuraturasi Nishon tuman prokuraturasi tomonidan tegishli tartibda xizmat tekshiruvi tayinlangan bo‘lib, tarqatilgan vediolavhaning haqqoniyligi, qachon, qayerda va qanday holatlarda yuz berganligi hamda boshqa holatlar o‘rganilayotganini ma’lum qildi. Viloyat prokuraturasi vaziyatni nazoratga olgan.

O‘zbekiston prezidentining 2005 yil 3 martdagi tegishli qaroriga (PQ-22) binoan zararlangan joyda ushlangan qoramol fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga topshirilib, chorva egasiga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rilgan va yetkazilgan zarar to‘liq qoplanganidan keyin egasiga qaytarilishi kerak.