Xorazmlik jurnalist Davlatnazar Ro‘zmetov 6 noyabr kuni avtomobil avariyasida halok bo‘ldi. Bu haqda uning jiyani Facebook ijtimoiy tarmog‘i orqali xabar qildi. Dafn marosimi payshanba kuni bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmatining xabar qilishicha, jurnalistni 6 noyabr kuni taxminan 23:55 da Urganch-Xiva yo‘lida harakatlanib kelayotgan «GAZel» avtomobili urib yuborgan.

Boshidan jarohat olgan Davlatnazar Ro‘zmetov hodisa joyida hayotdan ko‘z yumdi. Urganch IIB hodisa yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlarini olib bormoqda.

48 yoshli Davlatnazar Ro‘zmetov o‘zining tanqidiy maqolalari bilan taniqli edi. U «Davlat NAZARdan xabarlar» Telegram-kanalini yuritar edi.

So‘nggi vaqtlarda «Jamiyat» gazetasi muxbiri lavozimida faoliyat ko‘rsatgan. Avval «Xorazm yoshlari» gazetasi muharrir o‘rinbosari edi.

O‘tgan yilning oktyabrida mahalliy hokimiyatda paxta terimi masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishni videoga olmoqchi bo‘lganidan so‘ng jamoat tartibini buzganlikda ayblanib ma’muriy qamoqqa hukm etilgan edi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiya agentligi rahbari Komil Allamjonov jurnalistning yaqinlariga hamdardlik bildirdi.