Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunbuzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan O‘zbekistondan maymun bolasining noqonuniy ravishda olib chiqilishining oldi olindi. Bu haqda DBQ matbuot xizmati xabar qildi.

O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Toshkent viloyati Zangiota tumani hududidan o‘tuvchi davlat chegaralari yaqinida turgan Spark rusumli avtomashina hamda uning ichida o‘tirgan fuqarolar F.U. va J.S. belgilangan tartibda xolislar ishtirokida nazoratdan o‘tkazildi.


Natijada, avtomashina salonida noyob orangutan turiga mansub maymun bolasi borligi ma’lum bo‘ldi. Qonunbuzardan olingan maymun bolasi Toshkent hayvonot bog‘iga topshirildi.

«Qizil kitobga kiritilgan orangutan zotiga mansub mazkur maymun dunyoda yo‘q bo‘lib ketish arafasidagi turlardan hisoblanadi. Hozirda ushbu maymuncha Toshkent hayvonot bog‘ida alohida nazorat ostida parvarishlanmoqda», deyiladi xabarda.

Shuningdek, fuqaro U.F. bojxonachilarni payqashi bilanoq uddaburonlik bilan mashina yoniga uloqtirgan tamaki qutisi ham tekshirildi. Tekshiruv jarayonida tamaki qutisida 0,36 gramm gashish giyohvandlik moddasi borligi aniqlandi. Fuqaro J.S.ga tegishli sumkada esa 4 dona turli dori vositalari borligi ham ma’lum bo‘ldi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.