Samarqandda bitta oziq-ovqat yetkazib beruvchisi xizmatlaridan foydalanuvchi uchta maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilari ovqatdan zaharlandi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati xabar qildi.

Samarqand shahar DSENM ma’lumotlariga ko‘ra, 11 oktyabr kuni soat 10:00da viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga shahardagi 80, 98 hamda 106-sonli maktabgacha ta’lim muassasalarining 12 nafar tarbiyalanuvchimi «Ovqatdan zaxarlanish toksikoinfeksiyasi yengil-o‘rta darajasi» tashxisi bilan yotqizilgan.

Aniqlanishicha, tarbiyalanuvchilar qayd etilgan maktabgacha ta’lim muassasalarida osh, bor, makaron, salat kabi aralash ovqatlarni iste’mol qilganliklari natijasida sog‘liqlari yomonlashib shifoxonaga murojaat qilishgan.

Shahardagi 80, 98 va 106-maktabgacha ta’lim muassasalariga «E.M.» korxonasi tomonidan autsorsing xizmat ko‘satilib kelingan.

Mazkur zaharlanish holati yuzasidan viloyat DSENM tomonidan 80, 98 va 106-MTM faoliyatlari vaqtincha to‘xtatilgan.

Hozirda bemorlar ahvoli qoniqarli bo‘lib davolash muolajalari davom ettirilmoqda.

Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahar prokuraturasi tomonidan shu kunning o‘zida Jinoyat kodeksining 257−1-moddasi 1-qismi (Sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, jinoyat ishi shahar IIO FMB xuzuridagi Tergov bo‘limiga yuborildi.

Tergov harakatlari olib borilmoqda.