Prezident Shavkat Mirziyoyev 4 oktyabr kuni «Mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi islohotlar ustidan jamoatchilik nazorati samaradorligini, shuningdek, fuqarolarning demokratik o‘zgartirishlardagi faolligini oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

Hujjatga muvofiq, 2020 yil 1 yanvardan boshlab respublika, viloyatlararo nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun undiriladigan davlat boji stavkalari bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravaridan 3 baravarigacha, viloyat nodavlat notijorat tashkilotlari uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravaridan 1 baravarigacha pasaytiriladi.

Xuddi shu sanadan boshlab faoliyatini tuman (shahar), shaharcha, qishloq va ovul hududida olib boradigan nodavlat notijorat tashkilotini davlat ro‘yxatdan o‘tkazish uchun davlat boji stavkasi bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida belgilandi.

Hujjatda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga davlat grantlari, subsidiyalar va ijtimoiy buyurtma shaklidagi mablag‘lar Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika byudjeti, viloyatlarning viloyat byudjetlari va Toshkent shahrining shahar byudjeti, shuningdek, tuman va shaharlar byudjetlarining xarajatlariga qo‘shilishi belgilandi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risidagi kodeksi loyihasini tayyorlash bo‘yicha ishchi guruh tashkil etiladi. Kodeks loyihasi 2020 yil 1 fevraliga qadar Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi lozim.

O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi bilan birgalikda 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab to‘lov asosida nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslarini muntazam ravishda tashkil etiladi.