Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev 1 avgust kuni Xalqaro press-klubning O‘zbekistonda odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashning yangicha tizimiga bag‘ishlangan majlisida hashar va majburiy mehnat o‘rtasidagi farqni tushuntirib berdi. Vazir iqtiboslari vazirlikning Telegram-kanalida e’lon qilindi.

«Hashar xalqimizning qadimiy urf-odatlaridan hisoblanadi. Qo‘ni-qo‘shni, qarindoshlar yoki bir mahalla ahlining uy qurish, bog‘ barpo etish yoki ko‘cha-ko‘yni tartibga solish uchun birlashish amaliyoti xalqimiz madaniyatining bir qismi sanaladi. Hashar — har doim bayram, o‘zaro ko‘maklashish, qiyinchiliklar qarshisida jipslashish va birgalikda ularni yengib o‘tishidir», — dedi vazir.

«Lekin, masalan, erta tongdan shifoxona yoki maktab xodimlarini ularning roziligini so‘ramasdan avtobusga solib, avtoyo‘llar bo‘yidagi hududlarni supurishga olib ketish — bu hashar emas, balki majburiy mehnatdir. Undan ham yomoni bu kabi «hasharlar"da qatnanishdan bosh tortgani uchun xodimlarga nisbatan ishdan bo‘shatish darajasigacha intizomiy choralar ko‘rilishidir», — dedi vazir.

Hashar va majburiy mehnat o‘rtasidagi farqni aniq tushunib olish joiz. Hashar — o‘zaro ixtiyoriy ko‘maklashish va bayramdir. Majburiy mehnat — biror jazo qo‘llash tahdidi ostida ish bajarishdir, deya ta’kidladi Sherzod Kudbiyev.

Mehnat vaziri bolalar mehnati va majburiy mehnat uchun jinoiy javobgarlikni joriy etish rejalashtirilayotganini olqishladi. Eslatib o‘tamiz, hozirda majburiy mehnatga jalb qilganlik uchun Ma’uriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 51-moddasi bo‘yicha ma’muriy jazo tayinlanadi. Ushbu huquqbuzarlik uchun eng kam ish haqining 1 dan 3 barvarigacha miqdorda jarima tayinlanadi. Xuddi shu huquqbuzarlik voyaga yetmagan shaxsga nisbatan amalga oshirilsa, jarima miqdori EKIHning 5 dan 10 baravarigachani tashkil etadi.