Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasida qishloq xo‘jalik muammolari bo‘yicha yetakchi iqtisodchi Sergiy Zorya O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasidagi muammolarni tavsifladi.

O‘zbekiston YAIMning 32 foizini tashkil qilib, mehnatga layoqatli aholining 27 foizini ish bilan ta’minlovchi qishloq xo‘jaligi samarali davlat siyosati sharoitida mamlakat iqtisodiy o‘sishining asosiy omillaridan biri bo‘lishi mumkin. Mazkur siyosatning samarali amalga oshirilishi natijasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti hajmi hamda fermerlar va agrotashkilotlar daromadlari oshadi, qishloq joylarda minglab yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Bu yerlarda yashash darajasi ko‘tariladi, bir qator oziq-ovqat mahsulotlari aholi uchun arzonroq bo‘ladi va mamlakat ishonchli oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlay oladi.

Biroq qishloq xo‘jaligini raqobatbardosh, shuningdek xususiy sektor, aholi va davlat manfaatlari uchun xizmat qiladigan sohaga aylantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf qilish kerak. Jahon banki tahlillari hozirgi kunda mazkur maqsadga erishishning besh asosiy muammosi mavjud ekanligini ko‘rsatadi. Bu maqolada mazkur muammolar va ularni bartaraf qilish yo‘lida davlat tomonidan olib borilishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy chora-tadbirlarni ko‘rsatishga harakat qildim.

1. Qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanishni muvozanatlash lozim

2018 yilda O‘zbekistonning 70 foiz ekin maydonlari paxta va bug‘doy yetishtirish uchun ishlatilgan. Oxirgi bir necha yillarda ba’zi yer maydonlari paxta va bug‘doy yetishtirishdan chiqarildi. Lekin qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda unumdorlikni oshirish uchun hozirgi kunda mazkur ikki mahsulot ekish uchun ishlatilayotgan qo‘shimcha maydonlardan keyinchalik boshqa yanada foydali ekinlarga, xususan, meva va sabzavotlar ekish uchun foydalanish lozim.


Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekiston paxta va bug‘doy maydonlarini qisqartirish, masalan ularni 50 foizgacha kamaytirish qishloq xo‘jaligi yalpi mahsulotining 51 foizga, qishloq xo‘jaligida bandlikning 16 foizga, suv tejamkorligining 11 foizga oshishiga olib keladi.

Mazkur yerlarni yanada daromadli ekinlar ekishga qanchalik tez o‘tkazish kerak? Bu jarayon bosqichma-bosqich bo‘lishi va qo‘shni tarmoqlardagi o‘zgarishlar bilan uyg‘unlashtirilishi lozim. Masalan, meva va sabzavot yetishtirish uchun yerni qayta taqsimlash davlatning ichida va uning bojxona chegaralarida agrologistikani takomillashtirish bilan bir vaqtda sodir bo‘lishi zarur. Bu, o‘z navbatida, tez ayniydigan meva-sabzavot mahsulotlarini fermerlardan mahalliy iste’molchilarga va xalqaro bozorga tezkor ravishda yetkazishni ta’minlaydi.

Aks holda meva va sabzavotlarni qayta ishlab chiqarishdan olingan foyda bug‘doy va paxta sotishdan olingan foydadan kam bo‘lib qoladi.


2. Qishloq xo‘jalik mahsulotlarining hosildorligini oshirish kerak

O‘zbekistonda paxta, bug‘doy, pomidor, kartoshka, sut va boshqa mahsulotlarning o‘rtacha hosildorligi ularning real imkoniyatlaridan ancha past. Bu ko‘rsatkichni oshirish nafaqat fermer xo‘jaligi va agrotashkilotlar foyda va eksportlarini oshiradi, balki hozirgi kunda bug‘doy va paxta bilan band qilingan maydonlarni yanada foydali ekinlar uchun foydalanishga topshirish imkoniyatini ham yaratadi.

O‘n yillar davomida ilmiy tadqiqotlar va xizmatlar taqdim etilishining yetarlicha moliyalashtirilmasligi hamda sektorni rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan xizmatlarni yetarlicha ko‘rsatilmaganligi kabi masalalar hal qilinishi lozim. 2018 yilda O‘zbekiston yalpi qishloq xo‘jaligi mahsuloti daromadining faqatgina 0,02 foizini qishloq xo‘jaligi sohasidagi izlanishlarga sarflnadi. Shu bilan birga, hozirgi kunda mahalliy fermerlar uchun axborot-konsultativ xizmatlar mutlaqo mavjud emas.

Taqqoslash uchun, muvaffaqiyatli qishloq xo‘jaligiga ega bo‘lgan o‘rta daromadli mamlakatlar qishloq xo‘jaligi yalpi mahsulotining 1 foizini qishloq xo‘jaligi sohasidagi tadqiqotlarga uchun sarflaydi, ko‘p daromadli mamlakatlar esa o‘rtacha 2,5 foiz sarflaydi.


3. Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish uchun eksport imkoniyatlaridan maksimal foydalanish kerak

2018 yilda O‘zbekiston agro oziq-ovqat mahsulotlari eksport qiymati bor-yo‘g‘i 1,3 mlrd dollarni yoki har gektar mahsuldor yerga nisbatan 330 dollarni tashkil qildi. Taqqoslash uchun, o‘sha yili Vetnam 40 mlrd dollarlik qishloq xo‘jalik mahsulotini eksport qilgan. Bu davlatning eksportdan olgan foydasi har bir gektar mahsuldor yerga 6100 dollarni tashkil qiladi.

Jahon savdo tashkiloti tarkibiga kirish uchun hukumat tomonidan olib borilayotgan iqtisodiy islohot va chora-tadbirlar O‘zbekiston uchun qishloq xo‘jalik mahsulotlari, xususan meva-sabzavotlarni jahonning ko‘pchilik mamlakatlariga eksport qilish imkonini beradi.

Mamlakat qishloq xo‘jaligining asosiy masalalardan yana biri — eksport tomonidan taqdim etiladigan imkoniyatlarni amalga oshirishda mehnat resurslarining keng miqyosda ishtirok etishini ta’minlash zaruriyatidir. Hozirgi kunda meva-sabzavot mahsulotlarining 60 foizi katta bo‘lmagan dehqonchilik xo‘jaliklari va uy-joy uchastkalarida yetishtirilmoqda. Lekin ularning eksportga yo‘naltirilgan qo‘shimcha daromadli mahsulot ishlab chiqarish zanjiridagi ishtiroki hozircha past bo‘lib qolmoqda.

Qishloq xo‘jalik kooperativlarining agrobiznes va eksportchilar bilan kooperatsiyasi va hamkorligini rag‘batlantirish bo‘yicha davlat dasturlari yordamida yuqorida ko‘rsatilgan ishlab chiqaruvchilarning mazkur zanjirlar bilan integratsiyalashuvi ishlab chiqarish qobiliyatlarini rivojlantirishga hamda kichik dehqon va xususiy mulkdorlar biznesining rentabelligini oshirishga yordam bergan bo‘lar edi.

Agar dehqon xo‘jaliklarining ehtiyojlariga e’tibor qaratilmasa, qishloq xo‘jaligi eksporti faqat kichik fermerlar va agrotashkilot guruhlari uchun yangi imkoniyatlarni yaratadi va mazkur fermerlar guruhining inklyuziv iqtisodiy rivojlanishi uchun ajoyib imkoniyat qo‘ldan boy beriladi.

4. Qishloq xo‘jaligini moliyalashtirish uchun byudjet mablag‘laridan foydalanish samaradorligini oshirish kerak.

2018 yilda O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi uchun davlat xarajatlari YAIMga nisbatan 1,8 foizni tashkil etdi (2016 va 2017 yillarda YAIMning 2 foizini tashkil etgan edi).

Boshqa davlatlar qishloq xo‘jaligiga YAIMning nisbatan kichikroq ulushini ajratadilar. O‘rta daromadli mamlakatlar YAIMning o‘rtacha 0,6 foizini sarflaydi, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining (IHTT) yuqori daromadga ega mamlakatlarida yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,2 foiz miqdorida mablag‘ ajratiladi. 2018 yilda Qozog‘iston qishloq xo‘jaligiga YAIMning 0,8 foizini, Vetnam esa 0,5 foizini sarfladi. Xatto yigirma yil avval ham o‘rta daromadli mamlakatlar kambag‘al bo‘lganida, ularning qishloq xo‘jalik byudjetlari YAIMga nisbatan 1,3 foiz ni tashkil qilar edi.

Davlat xarajatlari yuqori darajali bo‘lishiga qaramasdan, O‘zbekistondagi qishloq xo‘jaligi hali yuqori samaradorlikni namoyish eta olmaydi. Misol uchun, 2018 yilda qishloq xo‘jaligi noldan biroz yuqori o‘sishni ko‘rsatdi.

Mazkur rukndagi davlatga qaratilgan chaqiriq shundan iboratki, uzoq muddatli istiqbolga ega tarmoqni rivojlantirishga qaratilgan byudjet harajatlarini kamaytirish uchun qisqa va o‘rta muddatli istiqbolga ega qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan moliyalashtirish hajmini oshirish kerak. Bunda asosiy e’tiborni byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish va ulardan foydalanish samaradorligiga qaratish zarur.

Masalan, hozirgi kunda byudjet mablag‘larining katta qismi yerlarga sug‘orish suvlarini chiqarib berish uchun talab etiladigan elektr energiyasiga, suvni paxta va bug‘doy ishlab chiqaruvchilariga yetkizadigan irrigatsiya tizimini boshqarish va ekspluatatsiya qilishga sarflanadi. Shu bilan birga, sug‘orish va melioratsiya infratuzilmalarini modernizatsiya qilish uchun juda oz mablag‘ sarflanadi. Bu shuni anglatadiki, qisqa muddatda hukumatning diversifikatsiyalangan qishloq xo‘jaligi ehtiyojlariga xizmat qilish uchun ushbu infratuzilmalarni modernizatsiya qilishga ko‘proq mablag‘ ajratilishi talab qilinadi.


Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish uchun o‘ta muhim bo‘lgan ko‘plab davlat dasturlari har doim mablag‘ bilan to‘liq ta’minlanmay kelgan. Mazkur dasturlarga qishloq xo‘jaligining amaliy tadqiqotlari, bilimlarni tarqatish, qishloq xo‘jalik fanlaridan ta’lim olish, tuproq unumdorligini oshirish, oziq-ovqat xavfsizligi tizimini rivojlantirish, veterinariya va fitosanitariya xizmatlari, tadbirkorlik faoliyatiga ko‘maklashish (qishloq xo‘jaligi kooperativlari, klasterlar, samarali sherikchilik munosabatlari), statistik va bozor ma’lumotlarini yig‘ish va tahlil qilish, bozor infratuzilmasi va agrologistikasini rivojlantirish, atrof-muhitni muhofaza qilish, siyosatni tahlil qilish, xodimlar malakasini har qanday darajaga oshirish va monitoring qilish kabilar kiradi. Kelgusida ushbu dasturlar davlat mablag‘larining katta miqdorini talab etishi mumkin.

O‘zbekiston uchun yaxshi xabar shundaki, mamlakat bug‘doy va paxta uchun davlat narxining pastligi hisobiga fermerlarni soliqqa tortishni bekor qilish orqali davlat xarajatlarining samaradorligini tezda oshirishi mumkin. O‘zbekiston asosiy qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan ichki narxlari xalqaro darajadan past bo‘lgan dunyodagi kam sonli mamlakatlardan biri sanaladi. Ko‘pgina davlatlarda vaziyat butunlay teskari. Jahon bankining hisob-kitoblariga ko‘ra, 2018 yilda paxta va bug‘doy narxlarining pasayishi hisobiga o‘zbek fermerlari yalpi ichki mahsulotning 1,7 foizini yo‘qotdilar. Natijada fermerlarda hosildorlikni oshirishga rag‘bat bo‘lmaydi.

5. Fermer xo‘jaliklarining yerga egalik qilish huquqlarini himoya qilish kerak

Dehqon xo‘jaliklari (kichik dehqonlar) ning yerga egalik qilish huquqlari qonuniy himoyalangan. Bu moddiy-texnik resurslarga ko‘proq pul to‘lashlari, o‘zlarining kichik yer maydonlarida ishlab chiqarishni mexanizatsiyalash qiyin bo‘lsa ham, nima sababdan kichik dehqon xo‘jaliklarida yirik fermer xo‘jaliklaridagiga nisbatan hosildorlik o‘rtachadan yuqori ekanligining asosiy sabablaridan biridir.

Shu bilan birga, bir qator sabablar bilan va istalgan vaqtda yirik fermerlar davlatdan ijaraga olingan yerlarni yo‘qotishi mumkin. Bu fermer xo‘jaliklarini qayta tashkil etish, ekinlarni joylashtirish rejasini bajarmaslik yoki paxta va g‘alla hosilini davlat rejasiga rioya qilmasligi tufayli sodir bo‘lishi mumkin, bu mas’uliyat mahalliy hokimiyat organlariga yuklangan.

Fermer xo‘jaliklari faoliyatini nazorat qilishning ushbu eskirgan tizimi ularning rivojlanishlari uchun halokatli darajada zararli bo‘lib, fermerlarning mahalliy hokimiyatlardan foydalanish uchun olgan yerlarga sarmoya kiritishga bo‘lgan rag‘batini so‘ndiradi. Bugungi kunda davlat tomonidan mahsuldorlikka qarshi xizmat qilayotgan mazkur amaliyotdan voz kechish zarur. Ushbu choralar sobiq Sovet Ittifoqining butun hududida, shuningdek, ko‘p yillar oldin Xitoy va Vetnamda amalga oshirilar edi.

Xitoy va Vetnam tajribasi fermerlarni rag‘batlantirishga yondashuvni qanday isloh qilish kerakligini ko‘rsatmoqda. Ushbu mamlakatlarda davlat buyurtmasi tizimi allaqachon bekor qilingan, biroq bu qishloq xo‘jaligining barbod bo‘lishiga olib kelmadi. Bu yerda strategik ekinlarning bir qismini ishlab chiqarish ekinlarni joylashtirish tizimlari, fermerlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri byudjet to‘lovlari hamda hosildorlikni oshirish, mahsulotlar sifatini yaxshilash, shuningdek ularni zararkunanda va kasalliklardan himoyalashga qaratilgan tegishli davlat dasturlari hisobidan rag‘batlantiriladi. Mazkur yondashuv O‘zbekistondagi mavjud paxta va bug‘doy tayyorlash bo‘yicha davlat rejasini qo‘llab-quvvatlash tizimlaridan farq qiladi.


Fermerlar o‘zlarining yerga bo‘lgan huquqi daxlsiz ekaniga to‘liq ishonmas ekan, ular mehnat samaradorligini oshirish hamda mahalliy hokimiyat foydalanishga taqdim etilgan yerlar hosildorligini yaxshilashga sarmoya kiritmaydi.

Albatta, yuqorida sanab o‘tilgan vazifalar va chaqiriqlar ro‘yxati yetarlicha keng qamrovli ko‘rinishi mumkin. Biroq ularning yechimlari to‘la hayotiy bo‘lib, qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilishni tezlashtirish hamda raqobatbardoshligini oshirish, shuningdek mamlakat iqtisodiyotidagi tarkibiy o‘zgarishlar uchun o‘ta muhim.

Ayni vaqtda ishlab chiqilayotgan 2019−2030 yillarda Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish milliy strategiyasi mazkur sohada Jahon banki Guruhi hamda boshqa xalqaro hamkorlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanishga tayyor bo‘lgan islohotlarni amalga oshirish uchun asosiy hujjatga aylanishi lozim. Uning qabul qilinishi va keyinchalik hukumat tomonidan amalga oshirilishi yuqorida tilga olingan chaqiriqlarni mamlakatni rivojlantirish va O‘zbekiston xalqi farovonligini oshirish uchun iqtisodiy imkoniyatlarga aylantirishga zamin yaratadi.

Muallif fikri tahririyat fikri bilan mos kelmasligi mumkin.

Maqolada Jahon bankining O‘zbekistondagi fermer va dehqon xo‘jaliklarida olingan fotosuratlaridan foydalanildi.