Istanbul hokimligiga takroriy saylovda muxolifatdagi Jumhuriyat xalq partiyasi (JXP) vakili Akram Imomo‘g‘li g‘alaba qozondi. Takroriy saylov 23 iyun kuni bo‘lib o‘tdi.

RIA Novostining xabar qilishicha, 99 foiz byulletenlar hisob-kitobi Akram Imamo‘g‘lining 54,21 foiz, uning raqibi — prezident Rejep Tayyip Erdog‘an boshchiligidagi Adolat va taraqqiyot partiyasi (ATP)ning vakili Binali Yildirim esa 44,99 foiz ovoz to‘plaganini ko‘rsatdi.

Istanbul hokimi lavozimi uchun birinchi saylov 31 mart kuni bo‘lib o‘tgan edi. Unda Akram Imamo‘g‘li 48,8 foiz, Binali Yildirim esa 48,55 foiz ovoz to‘plagan edi. Biroq ATP saylov uchastkalarida saylov komissiyalarining ayrim a’zolari davlat xizmatchilaridan tayinlanmagani, shuningdek, imzolanmagan bayonnomalar mavjudligini ma’lum qilib, saylovning takroran o‘tkazilishiga erishgan edi.