Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 11 iyundagi qarori bilan 2019−2028 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasida biologik xilma-xillikni saqlash strategiyasi tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Strategiya doirasida quyidagilar amalga oshiriladi:

muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar maydonlari mamlakat hududining 12 foiziga yetkaziladi;

Orol dengizining qurigan tubida o‘rmonlashtirish ishlari olib boriladi va uning maydoni 1,2 mln gektarga yetkaziladi;

Buxoro ixtisoslashtirilgan «Jayron» pitomnigida jayronlar bosh soni 1000 ga yetkaziladi;

davlat qo‘riqxonalaridagi etalon ekotizimlarda bioxilma-xillik komponentlari uchun monitoring olib borishning markaziy bo‘g‘inli yagona tizimi ishlab chiqiladi;

zamonaviy geoaxborot texnologiyalari (GIS-texnologiyalar) asosida bioxilma-xillikning davlat monitoringi va davlat kadastri yagona axborot ma’lumotlar bazasi ishga tushiriladi;

har yili 2 mln gektar maydonda tabiiy yaylovlar va pichanzorlardagi o‘simliklar geobotanik tekshiruvdan o‘tkaziladi;

bioxilma-xillikni saqlab qolish masalalari iqtisodiyotning barcha tarmoqlariga integratsiya qilinadi.