O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga binoan, 156 nafar vatandoshimiz, asosan ayollar va bolalar Yaqin Sharqdagi qurolli mojarolar hududidan yurtimizga qaytarildi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati. Ular 30 may kuni maxsus aviareysda Toshkent shahriga olib kelindi. Mazkur insonparvarlik operatsiyasi «Mehr» deb nomlandi.

«Aldov oqibatida o‘zga yurtga borib qolib, og‘ir hayotiy davrni boshidan o‘tkazgan bu insonlarga hukumatimiz tomonidan tibbiy, psixologik, moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatiladi», — deyiladi xabarda

Ularning tinch hayotga qaytib, jamiyatga moslashishlari, ta’lim va ijtimoiy dasturlarda ishtirok etishlari uchun zarur sharoit yaratiladi, boshpana va ish bilan ta’minlash choralari ko‘riladi.