«O‘zbekneftgaz» iqtisodiyotning ayrim sohalari va ijtimoiy sohalarning muqobil yoqilg‘i turlaridan foydalanishini kengaytirish to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini mjamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qildi. Kompaniya to‘rtta sohadagi tashkilotlarga yoqilg‘i yetkazib berishni to‘xtatish hisobiga gaz iste’moli ulushini qisqartirishni maqsad qilgan.

Loyihada 2019 yilning 1 iyuniga qadar pishiq g‘isht, ohak, sement ishlab chiqarish va issiqxona xo‘jaliklarining muqobil yoqilg‘i turidan foydalanish uchun qayta jihozlash ishlarini olib borishi taklif qilingan.

«O‘zbekneftgaz» kompaniyasining qayd etishicha, joylarda g‘isht va sement ishlab chiqarish zavodlari, ohak ishlab chiqarish korxonalari hamda issiqxona xo‘jaliklarini muqobil yoqilg‘i turlariga moslashtirish ishlari yetarli darajada tashkil etilmagan.

Muqobil yoqilg‘i turlariga o‘tkazish bo‘yicha topshiriqlarning bajarilishida qoloqliklar kuzatilmoqda, jumladan, g‘isht ishlab chiqaruvchi zavodlarning 33 foizi, ohak ishlab chiqarish korxonalarining 0,5 foizi ko‘mir yoqilg‘isiga moslashtirilgan xolos. O‘z navbatida hisob-kitoblar, g‘isht ishlab chiqarish zavodlarini tabiiy gazdan ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazilishi 1,52 mlrd.kub m, ohak ishlab chiqarish korxonalari esa 668 mln.kub m tabiiy gaz tejalishini ko‘rsatmoqda.

Shu munosabat bilan iqtisodiyot tarmoqlarida tabiiy gazning qozon va o‘choq yoqilg‘i turi sifatida foydalanishdagi ulushini qisqartirish taklif etilmoqda.

Loyiha o‘z tasdig‘ini topadigan bo‘lsa, «O‘zneftgazinspeksiya», «O‘zenergoinspeksiya», «O‘ztransgaz» 2020 yil 1 yanvardan boshlab obe’ktlarni muqobil yoqilg‘i turlariga o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlarini bajarmagan tashkilotlarga tabiiy gaz yetkazib berishni to‘xtatadi.

Tarixning salbiy saboqlari

Toshkent viloyati Qibray tumanidagi fermer xo‘jaligi rahbari Ahror Asqarov «Gazeta.uz» muxbiriga hukumat o‘tmishda qabul qilgan qarori bilan tadbirkorlarga qanchalik ulkan zarar keltirgani haqida so‘zlab berdi.

U 2015 yil avgustida oziq-ovqat mahsulotlari, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzum eksportida «O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasi monopoliyasi joriy etilganini eslab o‘tdi. O‘shanda Vazirlar Mahkamasi qaroribilan yuk mashinalariga eksport qilishni taqiqlandi.

«O‘shanda qaror qabul qilishdi, lekin tayyorgarlik ishlarini olib borishmadi. Izometrik vagonlari bo‘lmaganlar Surxondaryodan mahsulotlarni tashib keta olmadi. Ular Toshkentga o‘zimiz olib borishimiz kerakligini aytishdi, u yerdan poyezdlarda eksport qilishdi. O‘shanda 100 ming tongga hosil nobud bo‘ldi. Sovitish halqasi ishlamadi, chunki meva va sabzavotlar — tez buziladigan mahsulotlardir», — dedi tadbirkor.

2016 yil 20 yanvar kuni monopoliya bekor qilindi, biroq suhbatdan keyin avtotransport vositasidan foydalanishi mumkin bo‘lgan eksportchilar ro‘yxatiga kiritadigan ishchi guruhi paydo bo‘ldi. «Bu o‘z navbatida korrupsiyani keltirib chiqardi. Puxta o‘ylanmagan bu qaror ham bekor qilindi», — dedi u.

Ahror Asqarov tashqi bozorga sarxil meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib berishdagi «O‘zagroeksport» monopoliyasini ham eslab o‘tdi. «O‘shanda ushbu tashkilot o‘z eksport narxlarini belgiladi. Bechora fermerlarga chegaralar yopildi va „O‘zagroeksport“ narxlaridan arzonga sotish taqiqlandi. O‘z navbatida bu ham meva-sabzavot mahsulotlari hosiliga jiddiy zarar yetkazdi», — dedi u.

«O‘zbekneftgaz» taklifi bo‘yicha tadbirkor boshqa mamlakatlarda bu g‘oya qanday amalga oshirilishi mumkinligi haqidagi fikrlarini o‘rtoqlashdi.

«Tasavvur qiling, 1 maydan gaz ta’minoti uzilishi bo‘yicha qaror qabul qilindi. Masalan, AQSHda ular issiqxona xo‘jaliklarini barpo etishga katta miqdordagi mablag‘larni investitsiya qilgan tadbirkorlarga gazdan foydalanishda davom etishga ruxsat bergan bo‘lishardi, keyinchalik esa, balki qandaydir cheklovlar joriy etilardi. Lekin men taqiqshunos deb ataydigan bizning amaldorlar bunday qilishmaydi. Ular faqat taqiqlash va cheklash bilan mamlakatimizni super darajada rivojlantirishni o‘ylashadi. Davlatimizning oxirgi 27 yildagi muammosi, bu — ko‘p sonli «taqiqshunoslar"ning borligidadir», — deydi u.

Ahror Asqarov Sirdaryodan Surxondaryoga qadar milliardlab so‘mlik kreditlar hisobiga minglab gektar issiqxonalar qurilayotganini ta’kidlab o‘tdi. «Sanoat qozonlari juda qimmat. Oddiy hisoblagich 5000 dollar, qozon va tizim 50 ming dollar turadi. Ularni keyin nima qilish kerak? Metallolomga tashlash kerakmi?» — deya so‘raydi tadbirkor.

Fermer xo‘jaligi rahbarining fikricha, faqat xom ashyoni eksport qilish, bu — boshi berk ko‘chadir.

«Biz sof ko‘rinishdagi gazni eksport qilamiz. 27 yil davomida quyma oltin eksport qildik. Bu vaqt ichida bizning mahalliy yuvelirlarimiz bu xom ashyoga ega bo‘lisholmadi, o‘shanda boshqa davlatlar, masalan Turkiya bizdan oltin sotib olib, keyin qo‘shilgan qiymat bilan o‘zimizga zargarlik buyumlarini eksport qilishdi. Bizda qiymat zanjiri shakllantirilmadi. Ish o‘rinlarini o‘zimizda ochish o‘rniga, ularni Turkiyada ochayapmiz. Ajoyib misol — Isroil olmos konlariga ega bo‘lmasdan turib brilliantlar eksporti bo‘yicha yetakchi hisoblanadi», — dedi u.

Xuddi shu narsa gaz eksporti bilan ham sodir bo‘lmoqda, deb hisoblaydi Ahror Asqarov.

«Agar bu qaror qabul qilinsa, katta zararga kiramiz. Yangi qozon narxi haqida aytdim. Bundan tashqari, pomidorlar — juda injiq, gaz ikki kun o‘chirilsa ham yarim hosil yo‘qotiladi. Endi butun mamlakat bo‘yicha qancha yo‘qotilishini tasavvur qiling», — deydi tadbirkor.

Issiqxonalarni ko‘mir bilan isitish masalasida Ahror Asqarov fikricha, mazkur xom ashyoni import qilishga to‘g‘ri keladi. Chunki mahalliy Angren ko‘mirining sifati past. «Bizning ko‘mirdan faqat yirik elektr stansiyalarida foydalanish mumkin. Issiqxona xo‘jaliklarida foydalanish juda qiyin», — dedi u.

Tadbirkorlarga teginmang

«O‘zbekneftgaz» taklifiga o‘z ismini oshkor qilishni istamagan Sirdaryo viloyati Xovos tumanidagi issiqxona xo‘jaligi rahbari ham qarshi chiqdi. U 3 gektar maydonda pomidor va bodring yetishtirmoqda. Tadbirkor issiqxona tashkil etishga 1,2 mln dollar mablag‘ kiritdi va shu kunga qadar 800 ming dollar miqdoridagi kredit to‘ladi.

Tashkilotlarga energosamarador texnologiyalar yaratish, issiqxona xo‘jaliklarida muqobil energiya manbalarini joriy etish va ularga byurokratik to‘siqlarsiz joriy gaz va elektr energiyasi resurslari doirasida yetkazib berish topshirilgan. Hujjatga o‘sha vaqtda Axborot-tahlil departamenti boshlig‘i, hozirda «O‘zbekneftgaz» raisi Bahodir Sidiqov imzo chekkan.

«O‘tgan yili prezident Vazirlar Mahkamasiga zamonaviy talablarga javob beruvchi, ya’ni zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha qurilgan issiqxona xo‘jaliklariga tabiiy gazni hech qanday byurokratik to‘siqlarsiz yetkazib berish bo‘yicha topshiriq bergan. Butun respublika bo‘ylab minglab gektar maydonlarga issiqxonalar qurildi, endi esa ularning qayta jihozlanishini istashmoqda», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, muqobil yoqilg‘i manbalariga, jumladan ko‘mirga o‘tish juda qimmatga tushadi.

«Faqat 80−90 dollar turadigan va hozirda bir kub metri 1000 so‘m bo‘lgan gazdan 35 foiz qimmatroq bo‘lgan Qarag‘anda (Qozog‘iston) ko‘mirini import qilishimizga to‘g‘ri keladi. Bizning Angren ko‘miri sifat bo‘yicha to‘g‘ri kelmaydi. Mantiq qani? Nima uchun gazni sotib, ko‘mir sotib olishimiz kerak?» — deya savol beradi tadbirkor.

Bundan tashqari, qattiq yoqilg‘iga ishlaydigan qozonlar narxi 50 ming dollar atrofida bo‘lib, ularning har biri 1 gektargina issiqxonani isita oladi.

«Endi qozonlar sotib olishga qancha pul sarlashimizni, qancha valyuta xorijga chiqib ketishini hisoblab ko‘ring. Buning ustiga qozonlarga avvalroq buyurtma berish kerak. tadbirkorlar bu xarajatlarga dosh bera oladimi, qulog‘igacha qarzga botishlari kerakmi?» — deb so‘raydi tadbirkor.

Ko‘mir qozonlari yirik hajmli yuklar ro‘yxatiga kirishini hisobga olsak, yangi uskunalarni yetkazib berishda transport xarajatlari ham 15−20 ming dollarga borib qoladi, deb hisoblaydi u.

Issiqxonalarning ko‘mir bilan isitilishi mahsulotlar tannarxiga va boshqa sektorlardagi narxlarga ham ta’sir ko‘rsatadi.

«Ko‘mirni tadbirkorlar yetkazib beradi va uning narxi talabga bog‘liq, shuning uchun barqaror yetkazib berish va barqaror narxga kafolat yo‘q. Va bu ham mahsulot tannarxiga ta’sir ko‘rsatadi. Agar mahalliy ishlab chiqaruvchilarga gaz yetkazib berish to‘xtatilsa, g‘isht, sement narxi qancha bo‘lishi va bu yangi qurilayotgan binolarda bir kvadrat metr maydon narxiga qanday ta’sir ko‘rsatishini bir tasavvur qilib ko‘ring. Bir so‘z bilan aytganda, bu qadam tadbirkorlikning rivojlanishi va narxlar xilma-xilligiga to‘liq zid keladi», — dedi tadbirkor.

Uning qayd etishicha, 1 gektar issiqxona qurish uchun o‘rtacha 400 ming dollar sarmoya kiritilishi kerak. Koreya, eron, turk, ispan, italyan tipidagi zamonaviy import issiqxonalari qurilishi narxi 550 ming dollargacha oshadi. Bu kabi issiqxona xo‘jaliklarini qurish uchun odatda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) va boshqa xalqaro tashkilotlar kreditlari jalb etiladi.

«Tabiiy gazsiz bu kreditlarni qoplashning imkoni yo‘q, chunki ularning barchasi gaz qozonlari bilan jihozlangan. Ko‘mir uchun esa yangi qozonlarga buyurtma berish kerak. Biz kreditni qoplashimiz kerakmi yoki qozoq ko‘miriga ishlaydigan qozon uchun yana kredit olaylikmi?», — deb so‘raydi u.

Eksport bozoridagi raqobat haqida so‘zlar ekan, tadbirkor 10 yil oldin ham issiqxonalari bo‘lmagan Qozog‘istondan misol keltirdi.

«O‘shanda ularga va RFga pomidor va bodringlar eksport qilardik. 2012−2013 yillarda yalpi ravishda issiqxonalar uchun gazlar o‘chirilganidan so‘ng bizning issiqxonachi mutaxassislarimiz issiqxona biznesini yuritish uchun Qozog‘iston va RFga ketishga majbur bo‘ldi. Endi Qozog‘iston ham Rossiyaga eksport qilmoqda, lekin hech qanday bojxona to‘siqlarisiz».

«O‘zbekneftgaz"ning taklifi kredit mashaqqatini zimmasiga olgan barcha tadbirkorlarni shunchaki yo‘q qiladi. Mamlakat prezidentining xususiy biznesni rivojlantirish, ishchi o‘rinlarini ochish bo‘yicha barcha sa’y-harakatlari va tadbirkorlarga teginmaslik, aksincha ularga har tomonlama ko‘mak berish haqidagi ko‘rsatmalariga qaramasdan, „O‘zbekneftgaz“ qarama-qarshi taklifni ilgari surdi», — dedi u.

Qimmatga qayta jihozlash

Issiqxona issiqxona xo‘jaligi egasi Qudrat Soatov 6 gektar maydonda pomidor va bodring yetishtirmoqda. Issiqxonani isitish uchun uchta gaz qozonidan foydalanmoqda.

U ilgari limon ham yetirtirgan, biroq 2012 yida gaz ta’minoti uzilgani sababli 1 gektar maydondagi hosil nobud bo‘ldi, shundan so‘ng tavakkal qilmaydigan bo‘ldi.

«O‘shanda kimdir qayta jihozlab, issiqxonani ko‘mir va o‘tin bilan isitishga o‘tdi, lekin ko‘pchilik katta hosilini yo‘qotdi», — deya eslaydi u.

Tadbirkor ko‘mirga o‘tish ko‘pchilik qatori o‘zining xususiy korxonasi uchun ham katta zarar keltiradi, deb hisoblaydi.

«Ko‘mirga o‘tishimizdan foyda yo‘q. Qozog‘istondan 100 dollardan import qilishimizga to‘g‘ri kelishini hisobga olsak, qimmatroq ham bo‘ladi. Uning ustiga bu ekologik zararli yoqilg‘i», — deydi u.

Qudrat Soatov boshqa tadbirkorlar singari yottiq yoqilg‘ili qozonlar narxining qimmatligi va ularni O‘zbekistonga olib kelish xarajatlari yuqori ekanini ta’kidlab o‘tdi.

Gaz iste’moli kamaymadi

Prezidentning 2017 yil 26 maydagi qarorida 25 ta davlat kompaniyasi uchun 2017−2021 yillarda yoqilg‘i-energetika resurslari, jumladan tabiiy gazning iqtisodiy prognozlari belgilab berilgan edi, biroq ushbu prognoz bajarilgani yo‘q.

Masalan, «O‘zbekenergo» korxonalari 2017 yilda gaz iste’molini 4,6 foizga (556,2 mln kub metr), 2018 yilda 3,2 foizga (524,2 mln), 2019 yilda 1,5 foizga (554,7 mln) kamaytirishi kerak edi. Biroq ular belgilangan o‘rniga ko‘proq gaz iste’mol qildi.

«Gaz iste’moli aksincha, oshdi», — deya qayd etdi «Gazeta.uz"ning «O‘ztransgaz"dagi axborot manbasi.

Agarda 2017 yilda «O‘zbekenergo» korxonalari birgalikda belgilangan 15,2 mlrd o‘rniga 16,5 mlrd kub metr, 2018 yilda -16,4 mlrd o‘rniga 16,7 mlrd kub metr tabiiy gaz oldi, dedi suhbatdosh.