Aprel oxirigacha Toshkent bosh rejasi konsepsiyasi 3D formatda tayyorlanadi. Xitoy, Turkiya va Buyuk Britaniya kompaniyalari uni tayyorlash ustida ish olib bormoqda. Bu haqda poytaxt hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Davron Hidoyatov shanba kuni jurnalistlarga ma’lum qildi.

«2014 yilda Toshkent bosh rejasi ishlab chiqilgan edi, biroq so‘nggi ikki yil ichida barchasi o‘zgardi va bugun u biz xohlagandek dolzarb bo‘lmay qoldi. Hozir uning ustida Turkiya, Xitoy va Buyuk Britaniya kompaniyalari ish olib bormoqda. Aprel oxirida Toshkent bosh rejasi konsepsiyasi tayyor bo‘ladi va biz uni e’lon qilamiz», — dedi u.

Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev so‘zlariga ko‘ra, poytaxtni to‘liq tasvirga olish uchun vertolyotlarga o‘rnatilgan aerofotoapparatlardan foydalaniladi.

«Bugun biz bosh rejaga tayyorgarlik ko‘rish uchun Toshkent viloyati bo‘ylab parvoz qildik («Gazeta.uz"dagi ma’lumotlarga ko‘ra, parvoz An-2 samolyotida amalga oshirilgan — tahr.). Keyingi hafta maxsus 3D-kameralar bilan Toshkent ustida parvoz amalga oshiriladi. Bosh reja eski bosh rejalarga o‘xshagan bo‘lmaydi», — dedi shahar hokimi.

Qayd etish joizki, o‘tgan yili Qozog‘istonning Olma Ota shahrining 3D-bosh rejasi tuzib chiqildi. Raqamli xarita megapolis qurilishi bilan bog‘liq ko‘plab jarayonlarni onlayn rejimda amalga oshirish imkonini berdi. Bosh rejaga har bir binoning elektron pasporti kiritilgan bo‘lib, yer-kadastr, foydalanishga topshirish bayonnomalari va boshqa hujjatlarni ro‘yxatga olishga zamin yaratadi.