28 yanvar kuni Andijon viloyati Paxtaobod tumanida besh yoshli qizchaning jasadi topildi. Uning qo‘shnisi M.I. qotillikda ayblanib qo‘lga olindi, deya xabar qildi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Tergov jarayonida ma’lum bo‘lishicha, hodisa dushanba kuni taxminan 14:00 atrofida sodir bo‘lgan. Sodir etilgan jinoyatni yashirish maqsadida M.I. qizchaning oyoq kiyimlarini hojatxonaga tashlab yuboradi, uning jasadini esa sintetik qopga joylashtirib, yashash xonasidagi pol ostiga ko‘mib qo‘yadi.

O‘lim sabablarini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.

Mazkur holat yuzasidan 28 yanvar kuni Paxtabod tumani prokurori tomonidan M.I.ga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumon qilinuvchi tariqasida ushlangan.

Jinoyat ishi bo‘yicha 30 yanvar kuni M.I.ga O‘zbekiston JKning 97-moddasi 2-qismi «v, j, z» bandlari (javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirish, ya’ni: qasddan odam o‘ldirish aybdorga ayon bo‘lgan ojiz ahvoldagi shaxsni; o‘ta shafqatsizlik bilan; nomusga tegish yoki jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish bilan bog‘liq holda) bilan ayblov e’lon qilinib, shu kuni unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari viloyat prokuraturasi O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan olib borilmoqda, tergovning borishi Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olingan.