O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi Toshkentning Sergeli tumanida ko‘chadan topilgan 68 yoshli ayolga yordam qo‘lini cho‘zdi. U haqdagi ma’lumot dushanba kuni «Potribitel.uz» Facebook-guruhida paydo bo‘lgan edi. Xabar muallifining so‘zlariga ko‘ra, «tez yordam» uch marta uni olib ketib, qaytarib olib kelgan.

Xotin-qizlar qo‘mitasi mutaxassislari shu kuni hodisa joyiga bordi. Ma’lum bo‘lishicha, Nuriya Miklyudova farzandlari uy-joyini sotib, Rossiyaga ketgani sababli doimiy yashash joyisiz qolib ketgan, deya ma’lum qildi qo‘mita matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Tibbiy ko‘rikdan so‘ng ayol Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi kardiologiya bo‘limiga yotqizilgan. Vaziyat Xotin-qizlar qo‘mitasi va Sergeli tuman hokimi o‘rinbosari nazorati ostiga olingan.

Tibbiy yordam olganidan so‘ng ayol boshqa tibbiyot muassasasiga o‘tkazilib, hujjatlarini tiklash va yashash joyi bilan ta’minlash bo‘yicha choralar ko‘riladi.