O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi jamoatchilik — ota-onalar, o‘qituvchilar, o‘quvchilarni — zo‘ravonlik alomatlari aniqlanganda darhol XTV va huquqni muhofaza qilish organlariga xabar berishga chaqirdi.

Vazirlik mutasaddilari 23 iyul kuni «Gazeta.uz"da e’lon qilingan Samarqanddagi 64-ixtisoslashgan maktabda o‘quvchilar ustidan zo‘ravonlik holatlariga yo‘l qo‘yilgani haqidagi ma’lumotlardan o‘ta tashvishda ekani bildirildi. Maqola e’lon qilinganidan so‘ng XTVda zudlik bilan maxsus ishchi guruhi tuzildi.

Huquqni muhofaza qilish organlari vakillari ham o‘rin olgan ishchi guruhi vaziyatni sinchkovlik bilan o‘rganmoqda. O‘rganishlar natijalari e’lon qilinadi.

Huquqbuzarliklarga aloqador barcha shaxslar O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq javobgarlikka tortiladi, deyiladi XTV bayonotida.

Bugungi kunda maktab-internatda 109 nafar o‘quvchi ro‘yxatdan o‘tgan. Bu yerda 44 nafar o‘qituvchi va 34 nafar texnik xodim mehnat qiladi.

Seshanba kuni Bosh prokuratura maktab direktori Shuhrat Sadinov va bir qator xodimlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 110- modda 2- qism «a» bandi (voyaga yetmaganlarga nisbatan qiynoq) va 206- modda 1- qism (mansab vakolatidan chetga chiqish) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.