Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudi Suriyadagi harbiy harakatlarda ishtirok etib, Rossiyada terakt uyushtirishga tayyorgarlik ko‘rgan Abdulbosid Ahmadjonovni 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

«O‘zbekiston 24» telekanali «Axborot 24» dasturining xabar qilishicha, Ahmadjonov (1996 yilda tug‘ilgan) 16 yoshida otasi bilan Marg‘ilondan Turkiyaga ishlash uchun boradi. Istanbulda u Bilol ismli shaxs bilan tanishadi. Aniqlanishicha, Abu Umar laqabi bilan tanilgan bu shaxs yoshlarni Suriyaga jo‘natish bilan shug‘ullanib kelgan.

Oradan bir qancha vaqt o‘tganidan so‘ng Ahmadjonov Suriyada faoliyat ko‘rsatayotgan «Tavhid va Jihod» terroristik guruhi a’zosiga aylanadi.

2016 yil yanvarida Ahmadjonov Suriyaga otlanib, u yerda harbiy tayyorgarlikdan o‘tadi va hukumat qo‘shinlariga qarshi janglarda ishtirok etadi.

«Bizga musulmonlar musulmonlarga yordam berishi kerak, deyishdi. Men u yerga borganimda, iflos, har xil kasalliklarni ko‘rdim, musulmonlarga hech ham yordam bermaydi. Boshqa musulmonlarni qutqaraman, deb o‘z yonidagi musulmonlarga ziyon beradi. Kasallik yuqqan bir-biriga. Ayollarni qiynashgan, bir-birlariga pulga sotadi ayollarni», — deydi 22 yoshli Abdulbosid Ahmadjonov.

Keyinchalik u «Kavkaz imorati» terroristik tashkilotiga o‘tadi va jangovar harakatlarda qatnashishda davom etadi. Terroristlar Suriyada mag‘lubiyatga uchrashni boshlaganda Ahmadjonov Turkiyaga qaytishga qaror qiladi va Biloldan yordam so‘raydi. Abu Umar bo‘lsa yordam evaziga Rossiyada terakt sodir etishga ko‘mak berishini so‘rab, 15 ming dollar to‘lashga ham va’da beradi.

Abdulbosid qo‘lbola portlovchi uskuna tayyorlash kursini o‘taydi. Shundan so‘ng Rossiyaga otlanib, terakt ijrochilariga qo‘shilishi kerak edi, ammo Turkiyaning Xatay shahrida qo‘lga olinadi.

Video