5−15 mart kunlari ichki ishlar organlari tomonidan respublika miqyosida qurol-yarog‘ va xavfli moddalar noqonuniy muomalasining oldini olishga qaratilgan maxsus tadbir o‘tkazilmoqda, deya xabar qildi IIV matbuot xizmati.

Fuqaro o‘qotar qurolni, o‘q-dorilarni, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalarini erkin tarzda o‘z ixtiyori bilan topshirish to‘g‘risida qarorga kelsa va uning o‘zi ushbu ashyolarni topshirish haqida ichki ishlar organlariga yozma yoki og‘zaki ravishda murojaat qilsa, u ashyolarni o‘z ixtiyori bilan topshirgan hisoblanadi.

IIV eslatib o‘tadi: tegishli ruxsatnomasiz o‘qotar qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalariga qonunga xilof ravishda egalik qilish O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 248-moddasi bilan nazarda tutilgan jinoiy javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘ladi.

O‘qotar qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar va portlatish qurilmalarini o‘z ixtiyori bilan topshirgan fuqaro javobgarlikdan ozod qilinadi.